21-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida “Huquqni muhofaza qilish faoliyati sohasida global chaqiriqlar va tahdidlar: muammo va yechimlar” mavzuida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘z ishini boshladi. Konferensiyaning ochilishida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik Akmal Saidov ishtirok etdi va so‘zga chiqdi.
A.Saidov dastavval ko‘p millatli xalqimiz 2023-yil 30-apreldagi referendumda yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizni yakdillik bilan qabul qilganligini ta’kidladi. Unda Yangi O‘zbekistonning siyosiy-huquqiy asoslari mustahkamlanib, milliy davlatchilik taraqqiyotining hozirgi muhim tarixiy bosqichida davlat va jamiyatni yanada rivojlantirishga oid ustuvor yo‘nalishlar belgilangan.
Konstitutsiyamizda birinchi marotaba Yangi O‘zbekistonning konstitutsiyaviy tavsifi berildi. Asosiy qonunimizda inson huquqlari kafolatlariga oid normalar 3 barobar ko‘paydi. Bularning barchasi – hayotimizning hamma sohalarida qonun ustuvorligi ta’minlanadi, huquqni muhofaza qilish sohasi xuddiki soat mexanizmidek to‘g‘ri va aniq ishlaydi, deganidir.
O‘zbekiston Prezidenti “Yangi tahrirdagi Konstitutsiya bizga inson huquqlari, demokratiya, erkinlik, barqarorlik, tenglik va taraqqiyot tamoyillariga asoslangan huquqiy va adolatli davlat qurish yo‘llarini keng ochib berdi”, deb ta’kidlagani zamirida g‘oyat ulug‘vor haqiqatlar mujassam. Shu ma’noda, O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tashkil etilganining ikki yilligiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya yurtimizda keng nishonlanadigan Konstitutsiya kuni bayrami arafasida bo‘lib o‘tayotganida ham o‘ziga xos ramziylik bor.
O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi qisqa davr ichida Fanlar akademiyasining Davlat va huquq instituti, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi, Sudyalar oliy maktabi, Jamoat xavfsizligi universiteti qatori mamlakatimizda huquqni muhofaza qilish, inson huquqlarini ta’minlash, inson huquqlari sohasida ta’lim kabi yo‘nalishlarni rivojlantirish sohalarida o‘z munosib o‘rnini egalladi.
Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tashkil topganidan buyon ushbu Akademiya bilan yaqin hamkorlik qilib kelmoqda. Xususan, ikki tomon o‘rtasida hamkorlik uchun Memorandum imzolangan. O‘quv kurslari tashkil etish sohasida muayyan natijalarga erishildi. O‘zaro akademik almashinuv sohasidagi aloqalar izchil rivojlanmoqda. Mahorat darslarini tashkil etish sohasidagi hamkorlik ham yaxshi natijalar bermoqda.
Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya ikki kun davom etadi. Anjuman ishida xalqaro ekspertlar, davlat organlari, huquqni muhofaza qilish organlari, ilmiy jamoatchilik vakillari qatnashmoqda.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 21.11.2024
- Ko'rishlar: 123
- Chop etish