3-dekabr kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining Axborot-resurs markazi negizida “Inson huquqlari uyi”ning rasmiy ochilish marosimi bo‘ladi. Yangi ma’rifat maskani Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan bunyod etildi.
“Inson huquqlari uyi” mamlakatimizda inson huquqlari bo‘yicha faoliyatni kuchaytirishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida yaratilgan ixtisoslashtirilgan platforma, ya’ni “inson huquqlari ma’rifati maydoni” hisoblanadi. Bu yerda, jumladan, inson huquqlari bo‘yicha xalqaro va milliy hujjatlar, ilmiy tadqiqotlar, sharhlar va tahliliy hisobotlarning zamonaviy kutubxonasi shakllantiriladi.
Ochilish marosimi Milliy markaz tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi hamda Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxona bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda. Tadbir 8-dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun va 10-dekabr – Inson huquqlari xalqaro kuni doirasida tashkil etilmoqda.
Taqdimotga 100 nafar ishtirokchi taklif etilgan. Xususan, faoliyati inson huquqlarini himoya qilish va huquqiy normalarni targ‘ib qilish bilan bog‘liq bo‘lgan xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar vakillari, O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik vakolatxonalar rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari, davlat organlari mutaxassislari, yetakchi ekspertlar, ilm-fan va jamoat arboblari hozir bo‘lishi kutilmoqda.
Bundan tashqari, “Inson huquqlari uyi”ning ochilishi tadbirini mamlakatimizning barcha hududlari markazlaridagi kutubxonachilar onlayn kuzatib borish imkoniga ega bo‘ladi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 29.11.2024
- Ko'rishlar: 767
- Chop etish