O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 2024-yil 27-dekabrda “Turkiston jadidlik harakatining asoschisi, atoqli adib va jamoat arbobi, noshir va pedagog Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150-yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarorini qabul qildi.
Qarorga ko‘ra, 2025-yilda Turkiston jadidlik harakatining asoschisi, atoqli adib va jamoat arbobi, noshir va pedagog Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150-yilligi keng nishonlanadi.
Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150-yilligini nishonlash bo‘yicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi. Dasturda, jumladan:
— mutafakkir adibning “Tanlangan asarlar” to‘plami, uning hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan ilmiy-ommabop kitoblarni nashrga tayyorlash va chop etish;
— Mahmudxo‘ja Behbudiy haqida spektakllar sahnalashtirish hamda bugungi kunga qadar yaratilgan “Mahmudxo‘ja Behbudiy” kinoseriali va “Xalq yuragi” badiiy-publitsistik filmlarining ommaviy namoyishlarini tashkil qilish;
— umumiy o‘rta ta’lim muassasalari, ijod maktablari o‘quvchilari, “Temurbeklar maktablari” kursantlari hamda oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida “Mahmudxo‘ja Behbudiy saboqlari” mavzusida insholar tanlovini o‘tkazish va g‘oliblarni munosib taqdirlash;
— 2025-yil oktyabr oyida “Mahmudxo‘ja Behbudiy merosi va jadidlik harakatini o‘rganishning dolzarb masalalari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil qilish;
— 2025-yil noyabr oyida Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150-yilligiga bag‘ishlangan tantanali adabiy-ma’rifiy xotira kechasini o‘tkazish masalalari alohida qayd etilgan.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 04.01.2025
- Ko'rishlar: 590
- Chop etish