Hukumat qarori bilan hujjatlarning unifikatsiyalangan raqamli servislari joriy etiladi. Unga ko‘ra, 2025 yil 1 iyuldan O‘zbekiston hududida shaxsni tasdiqlovchi (ID karta, nikoh va haydovchilik guvohnomasi, ishonchnoma va boshq.) hujjatlarning elektron nusxasi ham davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan majburiy tartibda qabul qilinadi.
Vazirlar Mahkamasining “Aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashda «ijtimoiy karta» tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bilan 2025 yil 1 iyuldan boshlab «Raqamli hukumat» tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi doirasida hujjatlarning unifikatsiyalangan raqamli servislari joriy etiladi.
Ma’lum qilinishicha, bunda my.gov.uzʼda ushbu raqamli servislardan foydalanish imkoniyati yaratiladi va ular O‘zbekiston hududida majburiy tartibda qabul qilinadi.
Qaror ilovasiga ko‘ra, yagona interaktiv davlat xizmatlari portali va «Ijtimoiy karta» mobil ilovasida quyidagi hujjatlarning unifikatsiyalangan raqamli servislari joriy etiladi:
- O‘zbekiston fuqarosining biometrik pasporti;
- O‘zbekiston fuqarosining identifikatsiyalovchi ID kartasi;
- Haydovchilik guvohnomasi;
- Tug‘ilganlik haqida guvohnoma;
- Nikoh qayd etilgani haqida guvohnoma;
- Nikohdan ajralganlik haqida guvohnoma;
- Transport vositasining ro‘yxatdan o‘tkazilgani to‘g‘risida guvohnoma (texnik pasport, texnik talon);
- Pensiya (nafaqa) guvohnomasi;
- Fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning yashash guvohnomasi (ID kartasi)
- Nogironlik to‘g‘risida ma’lumotnoma;
- Transport vositasining majburiy sug‘urta (fuqarolik javobgarligi) bo‘yicha sug‘urta polisi;
- Oliy, o‘rta-maxsus, kasb-hunar va professional ta’lim olganlik to‘g‘risida davlat namunasidagi rasmiy hujjat;
- Talabalik guvohnomasi;
- Yakka tartibdagi tadbirkorning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risida guvohnoma;
- O‘zini-o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tganligi to‘g‘risida ma’lumotnoma;
- Turar joy obektlarining kadastr pasporti;
- Jismoniy shaxsning shaxsiy avtomototransport vositasini boshqa shaxslarga boshqarish huquqini beruvchi ishonchnoma.
Raqamli servislarning qog‘oz nusxalari banklarda, notarial idoralarda, aeroportlarda ichki reyslarni ro‘yxatdan o‘tkazishda va O‘zbekiston hududidan o‘tuvchi poyezdlarga chiqishda, davlat, korporativ va boshqa xizmatlarni ko‘rsatish, shu jumladan, elektron xizmat ko‘rsatish hamda fuqarolarni qabul qilishda tegishli hujjatlarni taqdim etishni talab qiladigan davlat organlari va boshqa tashkilotlarda talab etilmaydi.
- Qo'shildi: 08.01.2025
- Ko'rishlar: 429
- Chop etish