Poytaxtimizda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi va BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakolatxonasi tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining bolalar huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarini amalga oshirish va ushbu majburiyatlarni bajarishning milliy mexanizmlari” mavzusida ikki kunlik seminar tashkil etildi.
O‘zbekistonning bolalar huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarini amalga oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar muhokamasiga bag‘ishlangan seminarda BMTning Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi tavsiyalarini amalga oshirish va Milliy harakatlar rejasida nazarda tutilgan chora-tadbirlarni yanada samarali ta’minlash masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.
Seminarda qayd etilganidek, bugungi kunda O‘zbekistonda 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar 13 million nafarni, ya’ni jami aholining qariyb 35 foizini tashkil etadi. Shu ma’noda, mamlakatimiz uchun bola huquqlarini ta’minlash masalasi prinsipial ahamiyatga ega.
Hozirgi kunda BMT Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasining murojaat qilish jarayonlariga taalluqli 3-Fakultativ protokoliga O‘zbekiston Respublikasining qo‘shilishi masalasi ekspertlar darajasida o‘rganib chiqilmoqda. Mazkur hujjatning mamlakatimiz parlamenti tomonidan ratifikatsiya qilinishi bo‘yicha tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston bolalar manfaatlariga qaratilgan davlat siyosatini amalga oshirar ekan, “Hech bir bola e’tibordan chetda qolmaydi” tamoyiliga amal qilmoqda.
Mamlakatimizda bolalar huquqlarini ta’minlashga doir 40 dan ortiq qonun va qonunosti hujjatlar qabul qilinib, ular asosida bolalarning ma’naviy, intellektual, jismoniy va axloqiy jihatdan kamol topishiga ko‘maklashishning huquqiy mexanizmi yaratildi.
Muhimi, qabul qilinayotgan qonunlar “Bolaning eng yaxshi manfaatlari” prinsipini hayotga joriy etishga xizmat qilmoqda.
Tadbirda so‘zga chiqqan ekspertlar Yangi O‘zbekistonda bola huquqlari sohasidagi islohotlar qat’iy, uzviy va izchil tarzda davom ettirilayotganiga e’tiborni qaratdilar. Bu boradagi samarali sa’y-harakatlar milliy, mintaqaviy va xalqaro darajalarda keng qo‘llab-quvvatlanayotgani e’tirof etildi.
Xususan, BMTning Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sofi Kiladze e’tiroficha, Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya va uning fakultativ protokollarida mustahkamlab qo‘yilgan huquqlarini himoya qilish va rag‘batlantirishda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi muhim o‘rin tutadi.
Tadbir ishtirokchilariga O‘zbekiston Respublikasining bola huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlari va ularni amalga oshirish mexanizmlari, Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaning asosiy qoidalari, BMTning Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi tavsiyalari yuzasidan atroflicha ma’lumotlar berildi.
Parlament nazoratining samarali mexanizmlari orqali bolalar manfaatlarini himoya qilish, ularning huquq va erkinliklarini ta’minlash borasida muhim natijalarga erishilayotgani haqida ham batafsil so‘z yuritildi.
Gulnoza Boboyeva, Nosirjon Haydarov(surat), O‘zA
- Qo'shildi: 13.02.2025
- Ko'rishlar: 735
- Chop etish