14-fevral – Xalqaro kitob ulashish kuni
Bugun mamlakatimizda ulug‘ ajdodimiz Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 542-yilligi, dunyo miqyosida esa Xalqaro kitob ulashish kuni keng nishonlandi. Shu munosabat bilan mahllamizdagi 307-maktabda o‘quvchi-yoshlar va ustoz-muallimlarga imkonimiz doirasida kitoblar ulashdik. O‘z navbatida, navqiron yigit-qizlar bizga Alisher Navoiy va Mirzo Bobur bobolarimizning ijod namunalaridan o‘qib berdilar.
Xalqaro kitob ulashish kuni (International Book Giving Day) – kitob o‘qishni, kitoblar sovg‘a qilishni va shu asnoda o‘zgalarga ham ezgulik sog‘inishni va ma’rifat ulashishni yaxshi ko‘radigan barcha insonlarni o‘zaro birlashtiradigan xalqaro sana. Binobarin, bu muhim kunni bayram qiladiganlar ko‘lami izchil ortib bormoqda.
Xalqaro kitob ulashish kuni munosabati bilan insonlar do‘stu yaqinlari, qarindoshu begonalarga kitoblar tuhfa etadi. Odatda, bunday noyob sovg‘alardan kutubxonalar, bolalar uylari, maktablar va boshqa ta’lim muassasalari ham bebahra qolmaydi.
Ushbu kitobxonlik va ma’rifat bayrami joriy yilda o‘n uchinchi bor nishonlandi. Yangi sana bo‘lgani uchun uning kelib chiqish tarixi ancha navqiron. BMT ta’sis etgan yirik xalqaro sanalar yoki davlatlar tasdiqlagan milliy bayramlar, diniy ayyomlar va turli kasb kunlaridan farqli ravishda Xalqaro kitob ulashish kunini bayram qilish tashabbusi 2012-yilda oddiygina bir inson – amerikalik fuqaro Emmi Brodmur tomonidan ilgari surilgan.
AQSHda bolalar kitoblari bo‘yicha saytga asos solgan E.Brodmur uch nafar farzandning onasi bo‘lib, bir kuni bolalari undan: “Nima uchun dunyoda insonlar bir-biriga kitob hadya etadigan alohida bayram mavjud emas?”, deb so‘rab qolishadi. Shu o‘rinli savol zamiridagi uyg‘oq g‘oya, o‘z navbatida, yorqin tashabbusga aylanadi va nihoyat amaliyotga ko‘chadi.
Emmi xonim o‘ziga yaxshi tanish blogerlar, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari, hamkasb va hamkorlari bilan kengashib, 2012-yil 14-fevraldan e’tiboran “Xalqaro kitob ulashish kuni”ni nishonlashga kirishadi. Shuning uchun dunyoning turli mamlakatlarida kitobsevar insonlar, noshirlar, kitob do‘konlari egalari, xayriya fondlari va ijtimoiy tashkilotlar qo‘llab-quvvatlayotgan mazkur sanada avvalo bolajonlarga kitoblar hadya etilishi xayrli an’anaga aylangan.
Ushbu ma’rifat bayramining ulug‘ shoh va shoir ajdodimiz Zahiriddin Muhammad Bobur tavallud topgan kunga to‘g‘ri kelganida ham o‘ziga xos ramziy ma’no bor. Zero, Mirzo Boburning birgina “Boburnoma” kitobiyoq jahon ma’rifat ahlining necha-necha avlodlari uchun muhtasham va noyob tuhfadir.
O‘zbek tilida: “Qat-qat qatlama – aqling bo‘lsa, hatlama” degan purhikmat maqol-topishmoq ko‘p qo‘llaniladi. Bu o‘rinda “qatlama” nonning bir turi bo‘lib, ayni timsol yordamida kitob nonga tenglashtirilgan. Ya’ni, xalqimiz aziz mehmoniga dasturxon tuzaganidek, qadrli insonlarini kitob bilan siylashni ham aslo unutmaydi.
Yurtdoshlarimiz tug‘ilgan kun va boshqa bayramlarda bir-birlariga turfa kitoblar hadya qiladi. Hatto kelinlar sarpolarida ham kitoblarga tobora keng joy berilmoqda. Olimu ijodkorlarimiz muxlislariga doim yangi asarlarini taqdim etib borayapti.
Bu borada biz xabardor bo‘lgan ikkita e’tirofli dalil: O‘zbekiston Qahramoni, taniqli navoiyshunos olima Suyima G‘aniyeva umri yakunida boy shaxsiy kutubxonasini Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxona tasarrufiga o‘tkazgan bo‘lsa, ziyolilar doirasida “so‘nggi jadid” maqomida e’tirof etilgan filologiya fanlari doktori, professor Begali Qosimov uyidagi barcha kitoblarini o‘zi butun umr ishlagan O‘zbekiston Milliy universitetiga tuhfa etgan.
Bunday xayrli amallar timsolida ma’rifatparvar xalqimizning inja fazilatlari yanada yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Va bu savobli ishlar har birimizga cheksiz faxru iftixor bag‘ishlaydi.
Keyingi yillarda kitoblar hadya etish bilan bog‘liq ushbu ezgu taomillar davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani tahsinga sazovor. Endilikda vazirlik va muassasalar, tashkilot va korxonalar yurtimizdagi kutubxonalar, ta’lim dargohlari hamda mahallalarga turfa nomdagi ko‘plab kitoblarni muntazam yetkazib bermoqda.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi ham bunday ma’rifatparvarlik tashabbusini izchil davom ettirgan holda, yurtimizdagi axborot-kutubxona markazlari, maktablar hamda bir qator oliy ta’lim muassasalari kutubxonalariga inson huquqlariga oid adabiyotni beg‘araz asosda muntazam taqdim etib kelmoqda. Ayniqsa, 2024-yilda Milliy markazning Inson huquqlari uyi rasman ish boshlagani bu boradagi ezgu ishlarni tizimli tarzda amalga oshirish imkonini yaratdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan so‘nggi sakkiz yilda qabul qilingan ustuvor strategik dasturlar doirasida, jumladan, beqiyos ko‘lamdagi ma’rifiy tadbirlar amalga oshirildi, kitobxon hamyurtlarimiz, ayniqsa, yoshlarimiz uchun zarur adabiyotlarni nashr etish va keng miqyosda tarqatish yo‘lga qo‘yildi. Bunga birgina misol sifatida hayotimizning barcha sohalariga izchil tatbiq etilayotgan “O‘zbekiston–2030” strategiyasini keltirish kifoya.
Muxtasar aytganda, bugungi kunda jadid bobolarimiz haqida ko‘p gapirmoqdamiz. Aslida, ular ham osmondan tushmagan, balki xuddi shunday oddiy va hayotiy yo‘ldan borganlar – darsliklar yozganlar, maktablar ochganlar, yoshlarning xorijda tahsil olishini uyushtirganlar, gazeta-jurnal chop etganlar, kutubxona ochganlar, kitob ulashganlar, aholini kitob o‘qishga – ma’rifatparvarlikka rag‘batlantirganlar.
G‘ulom MIRZO
- Qo'shildi: 14.02.2025
- Ko'rishlar: 605
- Chop etish