TA’ZIYANOMA

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi hamda “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali tahririyati jamoasi Milliy markazda ko‘p yillar samarali faoliyat olib borgan atoqli yurist Bakayeva Farida Xodjimuratovnaning vafoti munosabati bilan marhumning oila a’zolariga hamdardlik bildiradi.

Farida Bakayeva 1950-yilda Farg‘ona viloyatining Beshariq tumanida tavallud topgan. 1973-yilda Toshkent davlat universitetining (hozirgi O‘zbekiston Milliy universitetining) yuridik fakultetini tamomlagan.

Mehnat faoliyati davomida Toshkent shahar o‘rta-maxsus militsiya maktabi, Toshkent shahar prokuraturasi, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining Falsafa va huquq instituti, Ombudsman kotibiyati, Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutida mas’ul lavozimlarda ishlagan.

2006-yildan boshlab 17-yil mobaynida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining Inson huquqlari sohasidagi tahlil va tadqiqotlar bo‘limi boshlig‘i lavozimida samarali mehnat qilgan.

Farida Bakayeva “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligiga 20-yil”, “O‘zbekiston mustaqilligiga 25-yil”, “O‘zbekiston Konstitutsiyasiga 25-yil” esdalik nishonlari, “Inson huquqlari himoyasi uchun”, “Mo‘tabar ayol” ko‘krak nishonlari, “Mehnat faxriysi” II darajali ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan.

Yuridik fanlar nomzodi F. Bakayeva mamlakatimiz milliy qonunchiligini takomillashtirishga katta hissa qo‘shgan. U O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi hamda inson huquqlariga doir bir qator normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlashda faol ishtirok etgan.

Farida Bakayevaning Inson huquqlari bo‘yicha milliy markazdagi faoliyati ham nihoyatda sermahsul bo‘lib, uning ishtirokida inson huquqlari bo‘yicha xalqaro organlarga 20 dan ortiq O‘zbekistonning milliy ma’ruzalari tayyorlangan, 200 dan ortiq qonun va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarning huquqiy ekspertizasi o‘tkazilgan.

Shuningdek, F. Bakayeva 100 dan ortiq ilmiy maqolalar, bir qator to‘plam va risolalar muallifi sifatida yuridik ilm-fan rivojiga ham salmoqli hissa qo‘shgan.

Atoqli yurist, fidoyi va oqko‘ngil inson – Farida Bakayevaning yorqin xotirasi unutilmaydi, qalblarimizda yashab qoladi.

Ustoz huquqshunos Farida Bakayevaning oxiratlari obod bo‘lsin.

 

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi hamda

“Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali tahririyati jamoasi

Powered by GSpeech