Inson huquqlarini ta’minlash borasida milliy markaz qanday ishlarni amalga oshirmoqda?

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy markazi huzuridagi Jamoatchilik kengashining yaqinda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida kengash a’zolariga milliy markazning 2024 yildagi faoliyatiga doir hisobot taqdim etildi.

Milliy markaz axborot xizmati rahbari G‘ulom Mirzayev shu haqda ma’lumot berdi: 

– O‘zbekistonda inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, qonunchilik va huquqiy amaliyotni takomillashtirish bilan bog‘liq yo‘nalishlarda izchil ishlar amalga oshirildi. 2024 yil Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ning 78 bandidan 69 tasi to‘liq bajarildi. 

BMT organlari, shartnomaviy qo‘mitalar va boshqa mexanizmlari tavsiyalarini amalga oshirish maqsadida Oliy Majlis palatalari tasdiqlagan 6 ta milliy harakatlar rejasining ijrosi bo‘yicha monitoring amalga oshirildi.

Milliy va xalqaro hamkorlar bilan birga universal davriy hisobot tavsiyalarini amalga oshirishga bag‘ishlangan davra suhbatlari, seminarlar, jamoatchilik maslahatlashuvlari o‘tkazildi. 

Xalqaro shartnomalarni ratifikasiya qilish masalasi o‘rganildi, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari ishlab chiqildi. Milliy markaz tomonidan 2024 yilda 6 normativ-huquqiy hujjat ekspertizadan o‘tkazilib, ularni takomillashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar tayyorlandi. 

Inson huquqlari sohasidagi xalqaro shartnomalarning milliy qonunchilikka va huquqni qo‘llash amaliyotiga implementasiya qilinishini ta’minlash maqsadida 11 marta monitoring tashkil qilindi. Shuningdek, 7 ta xalqaro shartnomani ratifikasiya qilish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar amalga oshirildi.

2024 yilda inson huquqlari sohasidagi ta’limga alohida e’tibor qaratildi hamda Inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturini amalga oshirish bo‘yicha ishlar davom ettirildi. 

Davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlarining 4 ming 317 nafar xodimining inson huquqlari, gender tenglik va qiynoqqa qarshi kurashish sohasidagi bilim va ko‘nikmalari oshirildi.

Milliy markazda davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari bilan keng ko‘lamli hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, xorijiy tashkilotlar bilan ikkita hamkorlik memorandumi imzolandi. 

BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari boshqarmasi, YUNESKOning mamlakatimizdagi vakolatxonasi, BMT tizimidagi inson huquqlari bo‘yicha dasturlar, fondlar va ixtisoslashtirilgan muassasalar bilan samarali hamkorlik aloqalari izchil davom ettirildi.

O‘tgan yilda bir qator xorijiy delegatsiyalar inson huquqlari bo‘yicha tajriba almashish maqsadida yurtimizga tashrif buyurdi. O‘z navbatida, milliy markaz vakillari xorijiy mamlakatlarda bo‘lib, inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha dolzarb masalalarni muhokama qildi.

Milliy markazga 2024 yilda fuqarolar tomonidan 1 ming 455 murojaat kelib tushdi. Turli davlat idoralari va huquqni muhofaza qilish organlariga kiritilgan tavsiyalarga binoan fuqarolarning ijtimoiy-iqtisodiy huquqlari tiklanmoqda. Bu jarayonda murojaat egalariga moddiy zararlar undirib berilishi ham ta’minlanmoqda.

2024 yil 3 dekabrda “Inson huquqlari uyi” o‘z faoliyatini  boshladi. Ushbu ma’rifat maskani Markaziy Osiyo mintaqasida inson huquqlari bo‘yicha yagona ixtisoslashgan kutubxona hisoblanadi.

N.Abduraimova,

O‘zA

Powered by GSpeech