14-aprel kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov bilan Niderlandiyaning Inson huquqlari bo‘yicha elchisi Vim Girts o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda asosiy e’tibor ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash hamda inson huquqlari sohasida milliy va xalqaro tajriba almashish masalalariga qaratildi. Shuningdek, istiqboldagi loyihalar yuzasidan fikrlashildi, inson huquqlari sohasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlik yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Milliy markaz direktori A.Saidov so‘nggi sakkiz yil davomida mamlakatimizda inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyat tubdan o‘zgarganini alohida qayd etdi. Uning ta’kidlashicha, bu o‘zgarishlar nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasidagi geosiyosiy jarayonlar bilan bevosita bog‘liq. Ilgari Markaziy Osiyo davlatlari muloqotiga ishonchsizlik muhiti, chegara nizolari, ichimlik suv tanqisligi kabi dolzarb muammolar xalal bergan bo‘lsa, so‘nggi yillarda mintaqa mamlakatlari o‘zaro yaqinlashib, muammolarni ochiq muloqot va hamkorlik asosida hal qilishga intilmoqda.
A.Saidov bu yangilanishlar va islohotlar tashabbuskori sifatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning qat’iy irodasi va oqilona siyosatiga e’tibor qaratdi. Davlat rahbari tomonidan qo‘shni mamlakatlar bilan munosabatlarni mustahkamlash, inson huquqlari sohasini liberallashtirish, fuqarolik jamiyati institutlari rolini kuchaytirish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.
O‘z navbatida, Niderlandiyaning Inson huquqlari bo‘yicha elchisi V.Girts uchrashuv tashkil etilgani uchun minnatdorlik izhor etdi. Tomonlar o‘rtasidagi ochiq va amaliy muloqot ruhini yuqori baholadi.
Muloqot davomida tomonlar O‘zbekistonda so‘z erkinligi sohasidagi holat va rivojlanish jarayonlarini, nodavlat notijorat tashkilotlarining faoliyatini tartibga solish, ularni ro‘yxatdan o‘tkazish, sud tizimining mustaqilligi hamda korrupsiyaga qarshi kurashish sohalaridagi o‘zgarishlarni muhokama qildilar. Inson huquqlari sohasida ta’limni rivojlantirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Uchrashuvda Niderlandiya Qirolligi Elchisi Niko Sxermers, Niderlandiya Tashqi ishlar vazirligining siyosiy masalalar bo‘yicha muvofiqlashtiruvchisi Mats Yakobs, Inson huquqlari bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi Amina Kusainova ishtirok etdi.
Tadbirda, shuningdek, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori o‘rinbosari Dilnoza Muratova, Markazning xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Iqbol Abdumajidov va shu bo‘lim mas’ul xodimlari Abbosbek Nabiyev, Asilbek Mirjalilov, Amirbek Homidov qatnashdi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 14.04.2025
- Ko'rishlar: 359
- Chop etish