Termizda qiynoqlarga qarshi ikki kunlik trening boshlandi

21-aprel kuni Termiz shahrida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti tibbiyot xodimlari va Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi sud-tibbiy ekspertlari uchun "Istanbul protokoliga muvofiq qiynoqlar va shafqatsiz muomalani sud-tibbiy hujjatlashtirish" mavzusida trening boshlandi.

Ushbu ikki kunlik mashg‘ulotlar Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi va YEXHTning O‘zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisining "O‘zbekistonda inson huquqlarini himoya qilish milliy tizimini barqaror rivojlantirishga ko‘maklashish" qo‘shma loyihasi doirasida o‘tkazilmoqda.

Trening Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, YEXHTning O‘zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti, Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi hamda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Davlat va huquq instituti hamkorligida tashkil etildi.

Tadbirning ochilishida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori A.Saidov, YEXHTning O‘zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi elchi A.Karttunen, YEXHTning O‘zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisining loyihalar bo‘yicha katta maslahatchisi E.Yurkovski, qamoqxonalar islohoti va inson huquqlari bo‘yicha xalqaro maslahatchi, IPPF xalqaro penitensiar jamg‘armasining MDH mamlakatlari bo‘yicha vakili A.Shambilov (Ispaniya) so‘zga chiqdi.

Xususan, akademik A.Saidov Milliy markaz bilan YEXHT o‘rtasidagi ko‘p yillik yaqin hamkorlikka urg‘u berib, 2020-2024-yillar davomida qiynoqlar va shafqatsiz muomala holatlarini samarali tekshirish va hujjatlashtirish bo‘yicha 10 dan ortiq o‘quv seminari o‘tkazilganiga e’tiborni qaratdi. Termizdagi ushbu tadbir BMTning Qiynoqlarga qarshi konvensiyasi 40-yilligini nishonlashga bag‘ishlangan chora-tadbirlar dasturi doirasida o‘tkazilayotganini ta’kidladi.

Treningda asosan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish departamenti va Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi tibbiyot xodimlarining Istanbul protokoliga muvofiq qiynoqlar va shafqatsiz muomalani samarali hujjatlashtirish sohasidagi xalqaro standartlar to‘g‘risidagi xabardorligini oshirish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech