Qatar poytaxti Doha shahrida "Sun’iy intellekt va inson huquqlari: imkoniyatlar, xavf-xatarlar va yorqin kelajak tasavvuri" mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tmoqda. Unda dunyoning 70 dan ortiq mamlakatidan kelgan delegatsiyalar, jumladan O‘zbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etmoqda.
Xalqaro anjuman ishida, jumladan, hukumatlar, inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar, xalqaro tashkilotlar, akademik tuzilmalar, xususiy sektor vakillari, shuningdek, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt sohasi ekspertlari qatnashmoqda.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi matbuot xizmatining xabar berishicha, anjuman davomida O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari – markaz direktori, BMT Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi a’zosi Akmal Saidov sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish sohasidagi milliy tajriba haqida to‘xtaldi. U inson huquqlari himoyasini va axloqiy jihatlarni hisobga olgan holda cun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish muhimligini ta’kidladi.
Shuningdek, A.Saidov O‘zbekistonda 2030 yilgacha sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish bo‘yicha Milliy strategiya tasdiqlangani, unda texnik ustuvor vazifalar bilan bir qatorda raqamli transformatsiyaning ijtimoiy va axloqiy jihatlariga ham e’tibor qaratilganini qayd etdi. Yangi ish o‘rinlari yaratishga, ta’lim tizimini qo‘llab-quvvatlashga va aholining raqamli savodxonligini oshirishga yordam beradigan sun’iy intellekt yechimlarini ishlab chiqish ushbu Strategiyaning asosiy yo‘nalishlari hisoblanadi.

Bugungi kunda mamlakatda IT-kompetensiyalar va raqamli ko‘nikmalarni rivojlantirishga qaratilgan milliy dasturlar faol amalga oshirilmoqda. Shuningdek, sun’iy intellekt to‘g‘risidagi qonun birinchi o‘qishda qabul qilingan, bu esa Yangi O‘zbekistonda jadal texnologik rivojlanish sharoitida huquqiy bazani shakllantirishga intilish kuchli ekanidan dalolat beradi.

O‘zbekiston delegatsiyasining ayni Forumdagi ishtiroki, bir tomondan, mamlakatning global inson huquqlari kun tartibidagi faol ishtirokini anglatadi. Ikkinchi tomondan, bu ishtirok davlatimizning xalqaro muloqotni mustahkamlash, qonun ustuvorligi, ochiqlik tamoyillarini ilgari surish va inklyuziv raqamli ekotizimni yaratishga qaratilgan izchil tashqi siyosat strategiyasini ham aks ettiradi. O‘zbekiston tomoni sun’iy intellektni axloqiy tartibga solish, davlat institutlarini raqamli transformatsiya qilish va jadal raqamlashtirish sharoitida inson huquqlarini ta’minlash sohasidagi milliy tajriba va ishlanmalarni taqdim etish niyatida.

Konferensiya doirasida keng ko‘lamli mavzularni muhokama qilish rejalashtirilgan. Jumladan, raqamli makonda shaxsiy ma’lumotlar himoyasini ta’minlash; sun’iy intellektning demokratik jarayonlarga ta’siri, fikr bildirish erkinligi va axborotdan foydalanish imkoniyati; mudofaa va razvedka texnologiyalari kontekstida raqamli xavfsizlik va inson huquqlariga rioya qilish masalalari atroflicha ko‘rib chiqiladi.
Konferensiya bugun sun’iy intellekt texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy etishda inson huquqlariga rioya qilish bo‘yicha tavsiyalarni o‘z ichiga olgan Yakuniy hujjatni qabul qilish bilan yakunlanadi.
O‘zA
- Qo'shildi: 28.05.2025
- Ko'rishlar: 141
- Chop etish