O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov nomiga Parlamentlararo Ittifoq bosh kotibi Martin Chungong va Tashkilot prezidenti Tulia Eksondan minnatdorchilik maktublari keldi. Rasmiy xatlar yaqinda Toshkentda Parlamentlararo Ittifoqning 150-Assambleyasi muvaffaqiyatli o‘tkazilgani munosabati bilan yo‘llangan.
Maktublarda Parlamentlararo Ittifoqning 150-Assambleyasi O‘zbekiston poytaxtida tom ma’noda muvaffaqiyatli o‘tkazilgani alohida qayd etilgan. Ushbu tadbir Parlamentlararo Ittifoq faoliyatida g‘oyat muhim tarixiy voqea bo‘lganligi, xususan, 150-Assambleya yakunida qabul qilingan Toshkent deklaratsiyasi haqiqatan ham yuqori bahoga sazovor ekani e’tirof etilgan.
Parlamentlararo Ittifoq bosh kotibi M. Chungong va Tashkilot prezidenti T. Ekson Parlamentlararo Ittifoqning 150-Assambleyasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etganligi va Assambleyaning ochilish marosimida mazmunli tabrik nutqi so‘zlaganligini yuksak qadrlashlarini bildirganlar.
A. Saidov nomiga bitilgan maktubda, jumladan: “Assambleyani O‘zbekiston hududida o‘tkazish g‘oyasi paydo bo‘lgan paytdan boshlab, Siz Parlamentlararo Ittifoq Assambleyasi vakillarini go‘zal yurtingizda iliq kutib olish va tadbirni munosib tarzda o‘tkazishni ta’minlash uchun tinmay mehnat qildingiz. Bu bilan Parlamentlararo Ittifoq ham, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi ham haqli ravishda faxrlanishi mumkin. Natijada ushbu g‘oya haqiqatan ham to‘liq ro‘yobga chiqdi. Parlamentlararo Ittifoq delegatlari va xodimlariga ko‘rsatgan samimiy mehmondo‘stligingiz uzoq vaqt yodimizda saqlanib qoladi”, deb qayd etilgan.
Xatda Assambleyani o‘tkazish hisobiga ko‘plab mazmunli natijalarga erishilgani uchun ham ulkan mamnuniyat izhor etilgan. Ayniqsa, “Parlamentlararo Ittifoqning kelgusi faoliyati uchun muhim asos bo‘ladigan Toshkent deklaratsiyasini alohida ta’kidlashni istardim. Shubhasiz, bunga Sizning Parlamentlararo Ittifoq zimmasidagi vazifalarga bo‘lgan chuqur ishonchingiz va biz so‘nggi yillarda yo‘lga qo‘ygan samarali hamkorlik tufayli erishildi”, deb yozgan M. Chungong.
Ma’lumki, Parlamentlararo Ittifoqning 150-Assambleyasini mamlakatimiz poytaxtida o‘tkazish uchun qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilayotgan pallada akademik A.Saidovning "Parlament yo‘llari: 2020-2023-yillarda Parlamentlararo Ittifoqdagi ovoz berish solnomasi" kitobi nashr etildi. Kitobda taniqli o‘zbek huquqshunosining Parlamentlararo Ittifoq Ijroiya qo‘mitasi vitse-prezidenti lavozimida ishlagan davri haqida so‘z boradi.
Parlamentlararo Ittifoq bosh kotibi o‘z maktubida mazkur kitobga o‘zaro hamkorlik aloqalari mustahkamligining yana bir tasdig‘i, deb baho bergan. M.Chungong kitob mamlakatda va xorijda ham munosib e’tirof etilganiga e’tibor qaratar ekan, ayniqsa, ushbu asarning Assambleya doirasida taqdim etilgani behad mamnuniyat baxsh etganini ta’kidlaydi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 04.06.2025
- Ko'rishlar: 271
- Chop etish