“ILMIY JURNALLAR FAOLIYATI: “DEMOKRATLASHTIRISH VA INSON HUQUQLARI” JURNALI TAJRIBASI”

Joriy yilning 4-iyun kuni “Inson huquqlari uyi”da “Ilmiy jurnallar faoliyati: “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali tajribasi” mavzusida amaliy mashg‘ulot o‘tkazildi. “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali tahririyati tomonidan tashkil etilgan ushbu tadbirda O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasining jurnalistika ta’lim yo‘nalishi talabalari ishtirok etdi.

Tadbirni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining Axborot-resurs multimedia bo‘limi boshlig‘i Hamidulla Mo‘minov kirish so‘zi bilan ochib berdi. U o‘z nutqida “Inson huquqlari uyi”ning tashkil etilishi, unda tadqiqotchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar va imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumot berdi.

Shundan so‘ng, “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali bosh muharririning o‘rinbosari Azizbek Ramazonov talabalar bilan amaliy mashg‘ulot olib bordi. U jurnal tahririyatining asosiy faoliyat yo‘nalishlari haqida ma’lumot berish asnosida talabalar bilan ilmiy maqolaga xos xususiyatlar, ilmiy maqolalar tahriri tamoyillari haqida ham fikr almashdi. Ayniqsa, jurnalistikaning maqsadi hamda vazifalari, sohadagi nazariy va amaliy muammolar, ilmiy jurnallar faoliyatining istiqbollari bo‘yicha qizg‘in muhokamalar bo‘lib o‘tdi.

– Jurnalistikada nazariyani amaliyot bilan uyg‘unlashtirib borish muhim ahamiyatga ega, – dedi O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi o‘qituvchisi Nilufar Namozova. – Shu ma’noda “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali tahririyati bilan hamkorlikda o‘tkazilgan ushbu amaliy mashg‘ulot talabalar uchun foydali va manfaatli bo‘ldi. Tahririyat bilan hamkorlik aloqalarini kelgusida ham davom ettirishga kelishib oldik.

Ma’lumot uchun: “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali 1999-yilda ta’sis etilgan. U Oliy attestatsiya komissiyasining siyosiy fanlar, huquqshunoslik, falsafa, tarix, islomshunoslik va sotsiologiya fanlari bo‘yicha dissertatsiya asosiy ilmiy natijalarini chop etish tavsiya etilgan ilmiy nashrlar ro‘yxatiga kiritilgan. Jurnal tahririyatining ijodiy jamoasi 2024-yilda “Oltin qalam” XVIII Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovning “Inson huquqlari va ijtimoiy hayotimiz bilan bog‘liq dolzarb mavzulardagi materiallari uchun” nominatsiyasi g‘olibi bo‘lgan.

 

Azizbek RAMAZONOV,

jurnalist

Powered by GSpeech