4-iyun kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori A.Saidov Rossiya Federatsiyasi Prezidentining maslahatchisi, Rossiya Prezidenti huzuridagi Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish va inson huquqlari bo‘yicha kengash raisi V.Fadeyev bilan uchrashdi.
Muloqot asnosida inson huquqlari sohasidagi hamkorlik, fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, o‘zaro imzolangan Hamkorlik memorandumi doirasida ikki davlat institutlari o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Tomonlar O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan institutsional va huquqiy islohotlar yuzasidan fikr almashdilar. Inson huquqlari, huquqiy ma’rifat va gumanitar hamkorlik sohasidagi dolzarb masalalar bo‘yicha ekspertlar muloqotini davom ettirish muhimligi ta’kidlandi.
V.Fadeyev ikki mamlakat ekspertlari ishtirokida gumanitar masalalarga bag‘ishlangan qo‘shma davra suhbatini o‘tkazish va tahliliy materiallar taqdimotini uyushtirish taklifini bildirdi.
Tomonlarning malaka oshirish va ilg‘or tajribalarni almashish maqsadida soha mutaxassislari uchun inson huquqlari bo‘yicha o‘quv-uslubiy materiallarni birgalikda ishlab chiqishga tayyorligi qayd etildi.
Uchrashuv yakunida ishtirokchilar inson huquqlarini himoya qilish sohasida konstruktiv muloqotni yanada rivojlantirish va amaliy hamkorlikni kengaytirishdan ikki tomon ham manfaatdor ekanligini tasdiqladilar.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 05.06.2025
- Ko'rishlar: 437
- Chop etish