Bundan roppa-rosa 17-yil avval – 2008-yil 10-iyunda betakror adib, jamoat va davlat arbobi, diplomat Chingiz Aytmatov Germaniyaning Nyurenberg shahridagi klinikada muolaja olayotganida olamdan o‘tgan. Atoqli zamondoshimiz o‘sha yili 14-iyunda Bishkek shahri yaqinidagi «Ota-Beyit» tarixiy-memorial majmuasida dafn etilgan.
Shu munosabat bilan 2025-yil 10-iyun kuni Bishkekda «Chingiz Aytmatov – turkiy dunyo kelajagi» mavzusidagi xalqaro forum boshlanishidan oldin «Ota-Beyit» yodgorlik majmuasida Chingiz Aytmatovni xotirlash marosimi bo‘ldi.
Bu yerda abadiy orom topgan qatag‘on qurbonlari va Chingiz Aytmatovning yorqin xotirasi yod etildi, qabrlar poyiga gulchambarlar qo‘yildi. Qur’oni karim oyatlari tilovat qilindi.
Xotira tadbirida Forum tashkilotchilari – TURKSOY xalqaro tashkiloti namoyandalari va Chingiz Aytmatov nomidagi institut direktorlar kengashi a’zolari, shuningdek, Qirg‘iziston davlat organlari, madaniyat, ilm-fan va ta’lim tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish qo‘mitasi a’zosi, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik Akmal Saidov qayd etishicha, «Ota-Beyit» qabristonida qatag‘on qurbonlari va Chingiz Aytmatovning yorqin xotirasi birdek yod etilgani zamirida o‘ziga xos ramziy ma’no bor. Chingiz Aytmatovning otasi – rahbar lavozimlarda ishlagan To‘raqul Aytmatov 1937-yilda qatag‘on qilinib, 1938-yilda otishga hukm etilgan. Bu yerda u kishi va safdoshlari – qirg‘iz xalqining qatag‘onga duchor bo‘lgan 138 nafar ziyoli farzandi sharafiga xotira majmuasi barpo etilgan.
– Bugungi tadbir turkiy dunyoning Chingiz Aytmatov xotirasiga yana bir yuksak ehtiromi ifodasidir, – deydi akademik A. Saidov. – Chingiz og‘a bilan vidolashuv sanasiga 17-yil to‘lgan bo‘lsa ham, sevimli adibimiz go‘yoki o‘lmagandek, hali ham oramizda yurgandek. Zotan, uning asarlari, ezgu ishlari barhayotligini ta’minlab kelmoqda.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 10.06.2025
- Ko'rishlar: 277
- Chop etish