Akademiya bitiruvchilariga diplom va harbiy unvon topshirildi

O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasida bitiruvchi kursantlarga diplom va leytenant harbiy unvonini topshirish tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda favqulodda vaziyatlar vaziri, general-mayor Botir Qudratxo‘jayev so‘zga chiqib, Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimida xizmat qilish har bir yigit uchun sharafli kasb ekani, xalqimizning og‘irini yengil qilish, insonlar hayotini turli tabiiy ofatlardan, texnogen avariyalardan qutqarish, asrash eng katta savobli amallardan biriligini qayd etdi. Bitiruvchilarga diplom va leytenant harbiy unvoni generallar, akademik va boshqa mas’ullar tomonidan tantanali ravishda topshirildi.  

So‘zga chiqqan bitiruvchilar va ularning ota-onalari, taklif etilgan mehmonlar o‘zlarining tilaklarini izhor etib, yosh ofitserlarni samimiy muborakbod etdi.  

— Bugun biz, yosh ofitserlarning quvonchimiz cheksiz, — deydi bitiruvchi leytenant Shuhrat Yo‘ldoshev. – Bizni voyaga yetkazgan ota-onalarimizga, ta’lim-tarbiya bergan ustozlarimizga, barcha shart-sharoitlarni yaratib bergan Prezidentimizga samimiy minnatdorligimizni bildiramiz. Xalqimizning tinch-osuda hayotini, sog‘lig‘ini asrashdek baxtli kasb bo‘lmasa kerak. Biz ana shunday qutqaruvchilikdek sharafli kasbni egallab, yetuk kadrlar bo‘lib yetishganimizdan va Vatanimiz ravnaqiga o‘z hissamizni qo‘shayotganimizdan faxrlanamiz.

— Bugun farzandim Suhrob ofitserlik unvonini olib, mustaqil hayotga yo‘l olayotganidan boshim ko‘kka yetdi, — dedi Sanjar Xudoyberdiyev. — O‘zim ham shu sohada mehnat qilganim uchun bizning oilamizda ham ushbu kasbga xos bo‘lgan muhit shakllangan va shu ruhda voyaga yetgan. Ishonamanki, farzandlarim jonajon Vatanimiz va xalqimiz xizmatida bo‘lib, ushbu oliy dargohda olgan nazariy bilim va ko‘nikmalarini amaliyotda qo‘llab, mustaqil yurt osoyishtaligini ta’minlashga bor kuch va shijoatlarini safarbar etadi.

Gulnoza Boboyeva,

O‘zA

Powered by GSpeech