Oʻzbekistonning barqarorlik va hamkorlikni taʼminlashdagi faol va konstruktiv pozitsiyasi eʼtirof etilmoqda

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning BMTning Dengizga chiqish imkoni boʻlmagan rivojlanayotgan mamlakatlar boʻyicha uchinchi konferensiyasida ishtirok etish uchun Kaspiy boʻyidagi Avazaga amaliy tashrifi Oʻzbekiston – Turkmaniston munosabatlarining oʻziga xosligini yana bir bor tasdiqladi.

2017-yil mart oyida Prezident Shavkat Mirziyoyev ilk davlat tashrifini Turkmanistonga amalga oshirgani bejiz emas. Oʻtgan yillar mobaynida davlatimiz rahbari, Turkman xalqining milliy yetakchisi Gurbanguli Berdimuhamedov va Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovning saʼy-harakatlari tufayli ikki mamlakat oʻrtasidagi aloqalar butunlay yangi darajaga koʻtarildi. Bugun Oʻzbekiston va Turkmaniston Markaziy Osiyoda chinakam yaxshi qoʻshnichilik va oʻzaro ishonchga asoslangan hamkorlikning yorqin namunasidir.

BMT konferensiyasi doirasida Prezident Shavkat Mirziyoyev Turkmanistonning «Hamkorlikni rivojlantirishga qoʻshgan hissasi uchun« ordeni bilan taqdirlandi. Joriy yilda Gurbanguli Berdimuhamedovga Oʻzbekistonning oliy mukofoti – «Oliy darajali Doʻstlik« ordeni topshirilgan edi. Bu ham ikki davlat oʻrtasidagi hurmatning yuksak darajasini anglatadi.

Darvoqe, soʻnggi yillarda Prezidentimiz qoʻshni va dunyodagi yetakchi davlatlarning bir qator nufuzli mukofotlariga sazovor boʻldi. Qozogʻistonning «Oltin qiran« va «Doʻstlik«, Qirgʻizistonning «Danaker«, Tojikistonning «Zarrintoj«, Rossiyaning Aleksandr Nevskiy, Fransiya Faxriy legioni, Turkiyaning «Respublika« ordenlari, Turkiy dunyoning oliy ordeni, MDH faxriy nishoni, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining faxriy nishoni va boshqalar shular jumlasidan.

Albatta, bu mukofotlarning har biri faqatgina Prezident Shavkat Mirziyoyevning faoliyatiga berilgan baho emas. Ularning ortida davlatimiz rahbarining hamkasblari, hamkor mamlakatlar yetakchilari bilan birgalikdagi samarali mehnati turadi. Ana shunday hamjihatlik tufayli Markaziy Osiyo bugun raqobat emas, balki hamkorlik makoniga aylanib borayotganida ularning ham xizmatlari beqiyos.

Umuman olganda, bu mukofotlar Oʻzbekistonning xalqaro hamjamiyatda ishonchli, masʼuliyatli va tashabbuskor hamkor sifatidagi mavqei mustahkamlanib borayotganidan dalolat beradi. Ayni paytda, Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashqi siyosat strategiyasi balandparvoz bayonotlarga emas, balki aniq amaliy harakatlarga: oʻzaro kelishuvlar, qoʻshma loyihalar, ochiq chegaralar, yangi transport yoʻlaklari va muloqot maydonlariga tayanadi. Bularning barchasi – xalqimiz hayotini yaxshilash va farovonligini yukslatirish uchun.

Shu nuqtayi nazardan, Turkmaniston ordenining berilishi rasmiyatchilik emas, balki Oʻzbekistonning mintaqada barqarorlik va hamkorlikni taʼminlashdagi faol va konstruktiv pozitsiyasining eʼtirofidir. Bu shunchaki mukofot emas, balki global beqarorlik, ishonch taqchilligi va xatarlar fonida Oʻzbekiston va uning hamkorlari mintaqada yaratayotgan barqaror muhit katta qadriyatga aylanayotganiga ishora. Ana shu barqarorlikni kim taʼminlayotgan boʻlsa, uning mehnati munosib eʼtirofga loyiq.

Tashrifning yana bir taʼsirli lahzasi Arqadagʻ Turkmanistonda shakllangan protokol tartib-qoidalaridan chetga chiqib, Prezidentimizni aeroportda shaxsan kuzatib qoʻygani boʻldi. Bu oʻzaro hurmatga asoslangan samimiy va doʻstona munosabatlarning, xalqlarimiz oʻrtasidagi chinakam qardoshlik rishtalarining bebaho namunasidir.

“Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati»

Powered by GSpeech