MA’LUMOT

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 7-fevraldagi PQ-46-son Qarori va unga ilova O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” doirasida 2025-yil birinchi yarmida bajarilgan ishlar yuzasidan

 

 

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 7-fevraldagi PQ-46-son Qarori va unga ilova O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ning ijrosi doimiy ravishda monitoring qilib kelinmoqda.

Bugungi kunga qadar Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ning 30 bandidan 17 ta bandi (56,67%) bo‘yicha ishlar to‘liq bajarilgan. “Yo‘l xaritasi”ning ta bandi (3,33%) to‘liq bajarilmagan, 12 ta bandni ( 40%) amalga oshirish bo‘yicha doimiy ishlar davom etmoqda.

Qaror ijrosi doirasida 2025-yilning birinchi yarmida quyidagi ishlar amalga oshirildi:

Birinchidan, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, Boshqaruv samaradorligi agentligi bilan Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi hamkorligida Milliy kadrlar zaxirasiga kiritilgan nomzodlar uchun tashkil etilgan malaka oshirish kurslari o‘quv reja-dasturlariga “Inson huquqlari va gender tenglik” mavzulari kiritildi va Akademiya kengashida tasdiqlandi.

Ushbu kurslarda 2025-yil mart-may oylarida 290 nafar tinglovchi o‘qitildi. Respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda davlat oliy ta’lim muassasalarida rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar uchun maxsus o‘quv kursining o‘quv reja-dasturiga “Gender tenglikka erishishda milliy va umuminsoniy qarashlarni shakllantirish” mavzusi kiritildi hamda ushbu kurslarda 2025-yil 27-yanvar – 8-fevral kunlari 115 nafar tinglovchi o‘qitildi.

Shuningdek, davlat organlari va tashkilotlarining axborot xizmati rahbarlari uchun malaka oshirish kurslari o‘quv reja-dasturi loyihasi ishlab chiqildi. Ushbu malaka oshirish kursida 2024-yil noyabr-dekabr – 2025-yil fevral-iyun oylarida 119 nafar tinglovchi o‘qitildi.

Ikkinchidan, “Qiynoqqa solishga qarshi kurashish: xalqaro amaliyot va milliy tajriba” mavzusidagi onlayn va oflayn formatda o‘quv kurslari davom ettirildi.

Xususan, 2025-yilda Jizzax (24-25-fevral), Sirdaryo (26-27-fevral), Navoiy (22-23) may, Toshkent (3-4-iyul) viloyatlarida milliy va xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda o‘quv kurslari tashkil etildi. Mazkur tadbirlarda har bir hududdan ichki ishlar (50 nafar) va prokuratura (10 nafar) tizimidagi tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergovni amalga oshiruvchi organlar, viloyat sudlarining sudyalari hamda jazoni ijro etish muassasalarining jami 274 nafar xodimi ishtirok etdi.

O‘quv kurslarida xalqaro ekspert Azamat Shambilov onlayn ishtirok etib, “Yangilangan Nelson Mandela qoidalari” mavzusida taqdimot o‘tkazdi.

Shuningdek, 2025-yili Termiz shahrida 21-22-aprel hamda Farg‘ona shahri 24-25-aprel kunlari "Istanbul protokoliga muvofiq qiynoq va shafqatsiz muomalani sud-tibbiy hujjatlashtirish" mavzusida trening bo‘lib o‘tdi. Tadbir Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi va YEXHTning O‘zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisining qo‘shma loyihasi doirasida tashkil etildi.

O‘quv mashg‘ulotida Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamentining tibbiyot mutaxassislari va Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazining ekspertlari ishtirok etdi. O‘quv kurslarida umumiy ishtirokchilar soni 43 nafarni tashkil etdi.

Uchinchidan, 2025-yil yanvar-iyun oylarida respublikaning 14 ta hududidagi axborot-kutubxona markazlarida “Umringni qadrla inson”, “Inson qadri uchun!”, “Inson huquqlari – eng oliy qadriyat”, “Inson huquqlariga rioya etish – majburiyatimiz”, “Inson huquqlarini ta’minlash – bosh maqsadimiz”, “Inson qadri va manfaatlari – barcha narsadan ustun”, “Inson huquq va erkinliklari” kabi mavzularda jami 188 ta kitob ko‘rgazmasi, viktorina, uchrashuv va davra suhbatlari tashkil etildi.

To‘rtinchidan, Toshkent davlat yuridik universitetida “Xalqaro huquq va inson huquqlari” magistratura yo‘nalishi ochildi va 2023/2024 o‘quv yilida ushbu mutaxassislikka qabul amalga oshirildi. Bu yo‘nalishda o‘zbek va rus tillaridagi guruhlarni 2023-2024 o‘quv yilida 14 (9 – o‘zbek, 5 – rus) nafar talaba muvaffaqiyatli tamomladi.

Ayni chog‘da,“Xalqaro huquq va inson huquqlari” magistratura yo‘nalishida o‘zbek va rus tillaridagi guruhlarni 2024-2025 o‘quv yilida 19 (12 – o‘zbek, 7 – rus) nafar talaba bitirdi.

Beshinchidan, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan 2025-yil birinchi yarmida Qoraqolpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Andijon, Farg‘ona, Jizzax, Namangan, Navoiy, Samarqand, Sirdaryo, Surxondaryo, Qashqadaryo, Xorazm, Toshkent viloyatlarida va Toshkent shahrida Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya va nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari bo‘yicha seminar-treninglar dasturi asosida, ularning mehnat huquqlari bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borildi. Ushbu tadbirlarda 1890 nafar ishtirokchi qatnashdi.

Oltinchidan, O‘zbekiston Respublikasida inson huquqlari sohasidagi ta’lim va tarbiyani mustahkamlash maqsadida inson huquqlari milliy tizimi haqida turkum radio va teledasturlar, ko‘rsatuvlar tashkil etildi. Xususan, 2025-yil birinchi yarmida «Axborot 24», «Fakt 24», «Yangi davr», «Davr yangiliklari», «Poytaxt», «Bugun», «Joyida», «Aktualno», «Xabarlar», «Andijon axboroti», «Jarayon», «Diyor yangiliklari», «Kun tafsiloti», «Namangan axboroti», «Vaqt», «Samarqand yangiliklari», «Voha 24», «Sado», «Qashqadaryo axboroti», «Axborot» dasturi», «Farg‘ona 24», «Xorazm 24» va «Fursat» singari teleradiodasturlarda soha mutaxassislari ishtirokida reportaj, intervyu va teleradiolavhalar efirga uzatib borildi.

Shuningdek, «O‘zbekiston 24», «O‘zbekiston», «Yoshlar», «Madaniyat va ma’rifat», «Toshkent», «Dunyo bo‘ylab» va barcha hududiy teleradiokanallar orqali «Studiya 24», «Maxsus reportaj», «Odil sudlov», «Parlament vaqti», «Oila olami», «Ayol borki...», «Kelajakka yo‘l», «Assalom, O‘zbekiston!» «O‘zbekiston yoshlari», «Yangi O‘zbekiston yoshlari», «Najot ta’limda», «Oqshomga qadar», «Inson qadri», «Minbar», «Poytaxt reportaj», «Siz nima deysiz», «Na pryamoy svyazi», «Spetsialniy reportaj», «Pokoleniye Next» kabi teleradiodasturlar tayyorlandi va efirga uzatildi.

Shu bilan birga, 2025-yilning o‘tgan davrida inson huquqlariga oid 4 ta kitob taqdimoti, 3 ta ma’rifiy-huquqiy tadbir tashkil etildi. Shuningdek, “O‘zbekiston Ulan-Batordagi seminarda BMTning inson huquqlari mexanizmida parlament ishtiroki tajribasini taqdim etdi”, “Inson huquqlari va Brayl alifbosi”, “O‘zbekistonda inson huquqlarini ta’minlash borasidagi islohotlarga nazar”, “Shaxslarning tasvirga bo‘lgan huquqlari himoyasi kuchaytiriladi”, “O‘zbekiston vakili IHTning Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiyasiga saylandi” kabi mavzularda jami 18 ta maqola o‘zbek va boshqa tillarda mamlakatimizning yetakchi ommaviy axborot vositalariga uzatildi.

Yettinchidan, 2025-yilda YUNISEF hamda BMT tuzilmalari bilan hamkorlikda inson huquqlari va bola huquqlariga oid 3 ta tadbir tashkil etildi. Xususan:

  1. 11-12-fevral kunlari Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining Inson huquqlari uyida Oliy Majlis Senati a’zolari hamda Qonunchilik palatasi deputatlari uchun “O‘zbekiston Respublikasining bolalar huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarini amalga oshirish va ushbu majburiyatlarni amalga oshirishning milliy mexanizmlari” mavzusida ikki kunlik seminar bo‘lib o‘tdi.
  2. 28-fevral kuni Milliy markaz Oliy sud bilan birgalikda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy boshqarmasi ko‘magida majburiy ko‘chirish davrida tegishli uy-joy huquqini ta’minlash bo‘yicha sud amaliyotiga bag‘ishlangan davra suhbati tashkil etdi.
  3. 28-fevral kuni Milliy markazning Inson huquqlari uyida “Inson huquqlari sohasida qabul qilingan Milliy harakatlar rejalarida belgilangan tadbirlarning amalga oshirilishi muhokamasi” mavzusida tadbir bo‘lib o‘tdi.
Powered by GSpeech