O‘zbekiston va Xitoy: huquqiy sohada hamkorlik kengaytiriladi

Xitoy Xalq siyosiy maslahat kengashi Milliy qo‘mitasi a’zosi, Inson huquqlarini o‘rganish bo‘yicha Xitoy jamiyati raisining o‘rinbosari janob Szyan Szyango boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga tashrif buyurdi.

Adliya vaziri o‘rinbosari Sherzod Rabiyev bilan uchrashuvda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida izchil rivojlanib borayotgan o‘zaro hamkorlikka e’tibor qaratildi. Mamlakatimizda olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar haqida ma’lumot berildi. 

Jumladan, adliya va huquq tizimini takomillashtirish, inson huquqlari, huquqiy targ‘ibot, yuridik ta’lim va fuqarolar qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar alohida qayd etildi.

O‘zbekiston Respublikasining yangilangan Konstitutsiyasi, inson huquqlarini mustahkamlashga qaratilgan milliy qonunchilik normalari, Adliya vazirligi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot taqdim etildi.

Janob S.Szyango samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, inson huquq va erkinliklarini ta’minlash O‘zbekiston va Xitoy uchun ustuvor masala ekanini ta’kidladi.

Do‘stona va konstruktiv ruhda o‘tgan uchrashuv yakunida mazkur tashrif ikki tomonlama aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi qayd etildi. 

Tomonlar kelgusida o‘zaro manfaatli yo‘nalishlarda hamkorlikni kengaytirishga tayyor ekanini bildirdi.

N.Abduraimova, O‘zA

UzDaily.uz

Powered by GSpeech