15-16-sentyabr kunlari Farg‘ona viloyati markazida “Qiynoqqa solishga qarshi kurashish: xalqaro amaliyot va milliy tajriba” mavzusida o‘quv kursi bo‘lib o‘tdi. Ikki kunlik tadbir Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Bosh prokuratura, Oliy sud va Ichki ishlar vazirligi hamkorligida tashkil etildi.
Inson huquqlari sohasidagi mashg‘ulotlar O‘zbekiston Prezidentining 2023-yil 7-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi hamda 2021-yil 26-iyundagi “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorlari ijrosi doirasida amalga oshirildi.
O‘quv kursida viloyat sudi, prokuraturasi, ichki ishlar tizimidagi tezkor-qidiruv, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov faoliyatini amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalaridan jami 170 nafar xodim tinglovchi sifatida ishtirok etdi. Tadbirda asosiy e’tibor BMTning ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalari tavsiyalarini hisobga olgan holda, tinglovchilarning qiynoqqa solishga qarshi kurashish sohasidagi bilim va amaliy ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratildi.
Tadbirni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik Akmal Saidov ochar ekan, mamlakatimizda qiynoqlarga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va ularning xalqaro standartlar bilan uyg‘unligi haqida atroflicha to‘xtaldi. Akmal Saidov qayd etganidek, har bir shaxsning huquq va erkinliklari Konstitutsiyada mustahkamlangan bo‘lib, ularni hayotga tatbiq etish barcha davlat organlari uchun ustuvor vazifadir.
O‘zbekiston BMTning Qiynoqqa qarshi konvensiyasiga qo‘shilgani va uning talablarini bajarish yuzasidan tizimli chora-tadbirlar ko‘rayotgani alohida qayd etildi. Shu bilan birga, ichki ishlar, prokuratura va sud organlarida xodimlar uchun muntazam o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etilayotgani, jazoni ijro etish muassasalarida esa jamoatchilik va ombudsman monitoringlari kengaytirilgani ta’kidlandi.
Shuningdek, Inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturi orqali huquqiy madaniyatni yuksaltirish, davlat idoralarida ochiqlik va hisobdorlikni ta’minlash, qiynoq holatlarini mutlaqo istisno qilish kabi vazifalar Milliy strategiyaning asosiy yo‘nalishlari ekaniga urg‘u berildi. Akmal Saidov ta’biri bilan aytganda, “Qiynoqqa qarshi kurash – bu faqat yuridik yoki huquqiy vazifa emas. Bu – insonning qadr-qimmatini hurmat qilish, uning shaxsiy daxlsizligini ta’minlashga qaratilgan ma’naviy va axloqiy majburiyatdir. Har bir xodim fuqarolarning huquqlarini himoya qilishda shaxsan mas’ul hisoblanadi”.
O‘quv kursining birinchi kunida ishtirokchilar qator ma’ruzalarni tingladi. Xususan, Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti direktori Murodjon Turg‘unov qiynoq hamda muomala va jazolashning qattiq, shafqatsiz, insoniylikka zid yoki qadr-qimmatni kamsituvchi turlariga qarshi konvensiyaning mazmun-mohiyati haqida atroflicha to‘xtaldi. O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Yuridik ta’minlash va murojaatlar bilan ishlash boshqarmasi boshlig‘i Ilhom Turg‘unov milliy gvardiya tizimida inson huquqlarini ta’minlash va qiynoq holatlariga yo‘l qo‘ymaslik masalasiga e’tibor qaratdi.
Shuningdek, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi kafedra boshlig‘i Luqmonjon Isoqov qiynoq bilan bog‘liq qilmishlarning oldini olishga oid qonunchilikning rivojlanishi haqida ma’ruza qildi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Buvayda tuman sudi raisi Abdurasul Minojiddinov qiynoqqa oid ishlar yuzasidan sud amaliyoti to‘g‘risida fikr bildirdi. Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi dotsenti Quvonch Qodirov “Nelson Mandela qoidalari”ning mazmun-mohiyati haqida so‘z yuritdi.
Birinchi kun doirasida amaliy mashg‘ulotlar ham o‘tkazildi. Ishtirokchilar guruhlarga bo‘lingan holda turli keyslar ustida ishladilar va qiynoq holatlarini aniqlash bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni o‘zlashtirdilar.
Kursning ikkinchi kuni qizg‘in ma’ruzalar bilan davom etdi. Dastlab Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi Xorijiy kadrlar bilan ishlash fakulteti boshlig‘i Alimjon Matchanov qiynoqqa qarshi kurashishda voyaga yetmaganlar va ayollarga oid xalqaro va milliy standartlar, shuningdek, kamsitmaslik, aybsizlik prezumpsiyasi, qamoqqa olish va qiynoq haqida xabar berishga oid xalqaro me’yorlarning O‘zbekiston jinoiy-huquqiy tizimida qo‘llanilishi haqida ma’ruza qildi. O‘z navbatida, Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti kafedra mudiri Mehmonali Suvonqulov ushlab turish va qamoqqa olish jarayonlariga oid xalqaro standartlar, mahbuslar huquqlarini ta’minlash kafolatlari hamda qiynoq jinoyati uchun javobgarlik masalalari yuzasidan chiqish qildi.
Bundan tashqari, xalqaro ekspert Azamat Shambilov “Yangilangan Nelson Mandela qoidalari” mavzusidagi onlayn ma’ruzasini taqdim etdi. Milliy markaz bo‘lim boshlig‘i Farhod Hayitboyev O‘zbekistonning qiynoqlarga qarshi xalqaro majburiyatlari yo‘nalishdagi barcha ishlar mamlakatimizda inson huquqlari sohasida qabul qilingan Milliy ta’lim dasturi bilan uzviy bog‘liq ekanini ta’kidladi. Mazkur dastur orqali huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining malakasini oshirish, ularda qiynoq holatlariga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni shakllantirish hamda inson huquqlarini himoya qilish madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani qayd etildi.
Kurs davomida nazariy bilimlar amaliy mashg‘ulotlar bilan uyg‘unlashtirildi. O‘quv kursi yakunida tinglovchilar bilimlarini baholash maqsadida test sinovidan o‘tdilar. Imtihonni muvaffaqiyatli topshirgan ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi.
Inson huquqlari sohasidagi bunday malaka oshirish tadbirlari huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarida huquqiy madaniyatni yuksaltirish, qiynoq va inson qadrini kamsituvchi har qanday muomalaga barham berish bo‘yicha milliy sa’y-harakatlarni yanada samarali tashkil etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 17.09.2025
- Ko'rishlar: 62
- Chop etish