Qaror bilan “Raqamli hukumat” tizimini 2025–2026-yillarda rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilandi:
- “Raqamli hukumat” dasturi doirasida 41 ta ustuvor loyihani ishga tushirish, elektron davlat xizmatlari ulushini 70 foizga yetkazish hamda mahallalarda 30 dan ortiq davlat xizmatlarini koʻrsatish;
- hududlarda telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish, jumladan, 66 ming km optik tolali aloqa liniyasini oʻtkazish, 2 284 ta tayanch stansiyani ishga tushirish, 100 dan ortiq axborot tizimini joriy etish;
- aholi va tadbirkorlar uchun 100 dan ortiq elektron xizmatlarni joriy etish, shu jumladan, 10 turdagi davlat xizmatini proaktiv va kompozit shaklga oʻtkazish, 19 ta hayotiy vaziyatda fuqarolarga avtomatik tarzda xabar yuborish.
Shuningdek, 2025-yil 1-noyabrdan boshlab kiberxavfsizlik talablariga rioya etgan holda mobil aloqa operatorlari, tijorat banklari va toʻlov tashkilotlariga mobil ilovalar orqali Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida pulli elektron davlat xizmatlarini taqdim etish imkoniyati yaratiladi.
Shu bilan birga, 2025-yil 1-dekabrdan boshlab nodavlat notijorat tashkilotlariga “Raqamli hukumat” tizimining Idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali elektron idoralararo hamkorlikni amalga oshirishga ruxsat beriladi.
2026-yil 1-yanvardan boshlab esa fuqarolarning ijtimoiy yordam koʻrsatish boʻyicha murojaati, mahallalarda oilalar va aholi maʼlumotlarini yuritish, aholi bilan ishlash jarayonlari “Raqamli mahalla” platformasi orqali amalga oshiriladi.
Mahalla va manzillarni yuritishda yagona yondashuv joriy etiladi. Shu maqsadda Raqamli texnologiyalar vazirligi va Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi hamkorligida 2025-yil 15-oktyabrga qadar mahalla fuqarolari yigʻinining yagona identifikatori sifatida kadastr raqamini qoʻllagan holda “Raqamli hukumat” tizimining Mahallalarning markazlashgan reyestri ishga tushiriladi.
2025-yil 1-noyabrdan boshlab Mahallalarning markazlashgan reyestri davlat organlari va tashkilotlarining “Raqamli hukumat” tizimi bilan integratsiyalashgan axborot tizimlari va resurslarida majburiy tarzda qoʻllanilishi belgilanmoqda.
Kadastr agentligi 2026-yil 31-dekabrga qadar koʻchmas mulk obyektlarining barcha maʼlumotlarini “UZKAD” axborot tizimiga oʻtkazilishini, shuningdek, geodeziya koordintalariga (WGS-84) bogʻlangan yagona davlat manzil reyestrining shakllantirilishi belgilandi.
Sogʻliqni saqlash sohasida 2026-yil 1-maydan boshlab nogironlikni belgilash (bolalikdan nogironligi boʻlgan, I va II guruh nogironlari) boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishda fuqarolarga tibbiyot muassasalariga imtiyozli davolanish uchun beriladigan yoʻllanmani shakllantirish va elektron navbatga qoʻyish kompozit shaklda amalga oshiriladi.
Shuningdek, 2026-yil yakuniga qadar “Raqamli sogʻliqni saqlash platformasi”ga integratsiyalashgan, tibbiy koʻrik jarayonida shifokor nutqini avtomatik ravishda bayonlashtiruvchi ovozli yordamchi hamda bemorlarga tashxis qoʻyishda shifokorga koʻmaklashuvchi sunʼiy intellekt texnologiyalariga asoslangan “Shifokorning raqamli yordamchisi” dasturi ishga tushiriladi.
Taʼlim sohasida 2025-yil 1-noyabrdan boshlab davlat oliy taʼlim muassasalari talabalariga oylik ijara toʻlovining bir qismini qaytarish boʻyicha Yagona portal orqali murojaat qilish imkoniyati yaratiladi. 2026-yil 1-yanvardan boshlab oʻrta maxsus, kasbiy va oliy taʼlim tashkilotlarida davlat xizmatlarini Yagona portal orqali koʻrsatish yoʻlga qoʻyiladi.
Suv xoʻjaligi sohasida 2025-yil 1-noyabrdan fermer va dehqon xoʻjaligi hamda tadbirkorlik subyektlariga suv taqsimlash bilan bogʻliq barcha maʼmuriy tartib-taomillar “Suv hisobi” suv resurslarini boshqarish yagona tizimi orqali faqat elektron shaklda amalga oshiriladi.
2025-yil 1-noyabrdan boshlab transport vositasiga gaz baloni oʻrnatilganligiga oid maʼlumotlarni elektron shaklda yuritish orqali transport vositasini roʻyxatdan oʻtkazish guvohnomasini qayta rasmiylashtirish tartibi bekor qilinadi.
2026-yil 1-yanvardan boshlab Yagona portal orqali chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni yashash joyi boʻyicha bir yilgacha boʻlgan muddatga vaqtincha roʻyxatga olish amaliyoti joriy etiladi.
Shuningdek, Raqamli texnologiyalar vazirligi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi bilan birgalikda 2026-yil 1-dekabrga qadar taʼlim, sogʻliqni saqlash va sugʻurta sohalarida maʼlumotlarning taqsimlangan reyestri texnologiyasini joriy etadi.
Qarorga muvofiq, 2026-yil 1-dekabrga qadar, jumladan, quyidagi imkoniyatlarga ega “Raqamli hukumat” tizimining “OASIS” (Oʻzbekiston axborot sistemalarining integratsion servisi) yagona raqamli platformasini ishlab chiqiladi.
Bu orqali:
- davlat axborot tizimlarini yaratish va rivojlantirishda yagona texnologik yondashuv taʼminlanadi;
- modullarga asoslangan texnologiyalar yordamida axborot tizimlarini yaratish jarayonlari maqbullashtiriladi;
- davlat axborot tizimlarining moslashuvchanligi, xavfsizligi va samaradorligi oshiriladi.
2025-yil 1-noyabrdan “Raqamli startaplar” dasturi va Markaziy bankning “tartibga solish qumdoni”da ishtirok etuvchi loyihalarga “Raqamli hukumat” tizimining Raqamli maʼlumotlar platformasidan axborot xavfsizligi talablari va belgilangan tartibga rioya qilgan holda bir yil muddatga qadar bepul foydalanish imkoniyati taqdim etiladi.
Shuningdek, xorijdagi diplomatik vakolatxonalar (konsullik) Oʻzbekiston konsulliklari orqali IT Park rezidentlari mutaxassislariga masofadan turib bank hisobvaraqlari va onlayn bank kartalarini ochishga ruxsat beriladi.
Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari (konsullik muassasalari) orqali jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqamini olgan IT Park rezidentlarining xorijiy mutaxassislari uchun masofadan turib bank hisobvaraqlari hamda onlayn bank kartalarini ochishga ruxsat beriladi.
2026-yil 1-yanvardan boshlab IT Park rezidentlariga quyidagilarga ruxsat etiladi:
- reklama xizmatlari va dasturiy taʼminotdan foydalanishga boʻlgan obunalar uchun korporativ bank kartalari orqali toʻlovlarni kalendar yil davomida eksport tushumlari doirasida, biroq 500 ming AQSH dollaridan koʻp boʻlmagan miqdorda amalga oshirish. Bunda:
- reklama Investitsiyalarni jalb qilish, sanoatni rivojlantirish va savdoni tartibga solish masalalari boʻyicha Hukumat komissiyasi tomonidan tasdiqlangan roʻyxatga kiritilgan 100 milliondan ortiq auditoriyaga ega axborot resurslari va tizimlari (shu jumladan, veb-saytlar, platformalararo resurslar, messendjerlar va ijtimoiy tarmoqlar)da joylashtirilishi talab etiladi;
- reklama xizmatlari va dasturiy taʼminotdan foydalanish obunasi boʻyicha ommaviy oferta va invoyslar, shuningdek, toʼlovlar toʼgʼrisidagi maʼlumotlar “E-contract” tashqi savdo axborot tizimiga kiritiladi.
- umumiy summasi 5 ming AQSH dollarigacha boʻlgan ommaviy oferta, invoys va toʻlovlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar “E-contract” tashqi savdo axborot tizimiga kiritilishi talab etilmaydi hamda ushbu xarajatlar debitorlik qarz sifatida hisobga olinmaydi.
Shuningdek, yaratgan dasturiy mahsuloti obunasi uchun xorijiy davlatlardan kelib tushadigan toʻlovlarni “E-contract” tashqi savdo axborot tizimiga kiritmagan holda ommaviy oferta orqali qabul qilish mumkin boʻladi.
“Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati»