O‘zbekiston Varshava konferensiyasi doirasida gender tenglik sohasidagi yutuqlarini taqdim etdi

Oliy Majlis Senati a’zosi Gulnora Marufova O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi tomonidan o‘tkazilayotgan Insoniylik mezonlari bo‘yicha Varshava konferensiyasida ishtirok etdi.

Mazkur anjuman doirasida “Gender tenglik istiqbollari: O‘zbekistonning ayollar huquqlari bo‘yicha global kun tartibiga qo‘shgan hissasi” mavzusida tadbir tashkil etildi.

Tadbirdan ko‘zlangan maqsad O‘zbekistonning xotin-qizlar huquqlarini ilgari surish va gender tenglikni ta’minlash sohasidagi yutuqlarini taqdim etish, shuningdek, ushbu sohadagi taraqqiyotni jadallashtirish masalalari bo‘yicha xalqaro muloqotni mustahkamlashga ko‘maklashishdan iborat.

Munozarada 40 dan ortiq ishtirokchi, shu jumladan, YEXHTga a’zo davlatlar diplomatik vakolatxonalari, fuqarolik jamiyati, xalqaro tashkilotlar va akademik institutlar vakillari qatnashdi.

Tadbir Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori o‘rinbosari D.Muratova boshchiligida panel muhokamasi shaklida o‘tkazildi.

Senator G. Marufova o‘z chiqishida parlamentning ayollar huquqlarini ilgari surish bo‘yicha faol platformaga aylanganini ta’kidlab, 2030-yilgacha mo‘ljallangan Gender tenglikka erishish bo‘yicha milliy strategiyaning bu boradagi ijobiy ta’sirigp e’tibor qaratdi. Ayollarning iqtisodiy mustaqilligini ta’minlash chora-tadbirlari, jumladan, imtiyozli kreditlash dasturlari va ta’lim tashabbuslariga alohida urg‘u berildi.

Muhokama ishtirokchilari mamlakat rahbariyatining yuksak siyosiy irodasi va keng ko‘lamli qonunchilik islohotlari asosida Yangi O‘zbekistonda gender tenglik sohasida sezilarli yutuqlarga erishilganini bir ovozdan e’tirof etdilar.

 

O‘zbekiston Respublikasi

Oliy Majlisi Senati

Powered by GSpeech