Bugun, 21 oktyabr kuni, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining “Inson huquqlari uyi”da Davlat tili qabul qilingan kun munosabati bilan “Qadring baland bo‘lsin, ona tilim!” shiori ostida davra suhbati tashkil etildi.
Tadbirda doktorantlar va Milliy markaz xodimlari ishtirok etdilar. Suhbatning asosiy maqsadi — ona tiliga bo‘lgan hurmatni yuksaltirish, uning ijtimoiy va ma’naviy ahamiyatini yoritish hamda davlat tilining jamiyat taraqqiyotidagi o‘rnini yana bir bor e’tirof etishdan iborat bo‘ldi.
Davra suhbati Axborot-resurs multimedia bo‘limi boshlig‘i Hamidulla Mo‘minov hamda Inson huquqlari bo‘yicha ta’lim va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i Farhod Hayitboyevning kirish so‘zi bilan boshlandi. Ular o‘z nutqlarida ona tili har bir millatning faxri va ma’naviy qadriyati ekanini ta’kidlab, davlat tilini rivojlantirish va muhofaza qilish har bir fuqaroning burchi ekanini qayd etib, davlat tili bo‘yicha qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlari haqida ma’lumot berdi.
Shuningdek, “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali tahririyati bosh muharriri o‘rinbosari Azizbek Ramazonov ham tadbir ishtirokchilariga murojaat qilib, ona tili haqida fikr-mulohazalarini bildirdi va bir qator she’riy satrlar bilan o‘zbek adabiyotining yirik namoyandalari bo‘lgan Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur g‘azallari, E. Vohidov, A. Oripov ijodidan parchalar keltirib, davra suhbatimizning badiiy qismining ko‘tarinki ruhda o‘tishini ta’minladilar.
Mazkur ma’naviy-ma’rifiy tadbirda Toshkent davlat yuridik universitetining 3-bosqich talabasi Dildora Rahmonova ham ona tiliga bag‘ishlangan, Muhammad Yusuf qalamiga mansub “Ona tilim” she’rni ifodali tarzda ishtirokchilarga yetkazdi.
Davra suhbati samimiy va ilhomlantiruvchi ruhda o‘tdi. Tadbir ishtirokchilari ona tiliga bo‘lgan muhabbat va sadoqatni yanada mustahkamlash, yosh avlod ongida til madaniyatini oshirish zarurligini ta’kidladilar.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazi kasaba
uyushmasi qo‘mitasi
- Qo'shildi: 21.10.2025
- Ko'rishlar: 257
- Chop etish
Ўзбекча
English
Русский