Davlat bayrog‘i – millat g‘ururi
2025-yil 17-noyabr kuni poytaxtimizning Yakkasaroy tumanida joylashgan 91-sonli ayrim fanlar chuqur o‘rgatiladigan ixtisoslashtirilgan maktabida “Davlat bayrog‘i – millat g‘ururi!” mavzusida uchrashuv tashkil etildi. Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 33-yilligi hamda 18-noyabr — O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilingan kun munosabati bilan o‘tkazildi. Ushbu ma’rifiy tadbir Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi va 91-sonli ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi bilan hamkorlikda tashkil qilindi.
Mazkur tadbirda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik A.X.Saidov, Milliy markaz bo‘lim boshliqlari F.Xayitboyev, O‘.Ochilov, H.Mo‘minov, shuningdek, tuman prokuror yordamchisi J.Mardanov, tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi rahbari D.Mustafayevalar hamda bir guruh o‘qituvchi-pedagoglar va 100dan ortiq maktab o‘quvchilari ishtirok etdi.

Tadbirni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, yuridik fanlari doktori, professor, akademik Akmal Saidov kirish so‘zi bilan ochib, davlat ramzlarimiz qabul qilingan tarixiy jarayonlarning bevosita ishtirokchisi sifatida o‘z xotiralari va hayajonli daqiqalarini o‘quvchilar bilan bo‘lishdi.
Qolaversa, akademik A.Saidov davlat bayrog‘ining qabul qilinishi jarayonlari, uning mazmun-mohiyati hamda davlat ramzlariga bo‘lgan hurmat har bir fuqaro uchun sharafli burch ekanini alohida ta’kidladi.
Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markazning Inson huquqlari sohasida tahlil va tadqiqotlar bo‘limi boshlig‘i O‘.Ochilov davlatning asosiy ramzlaridan biri bo‘lgan bayroq to‘g‘risida ma’ruza qilib, moviy osmon bag‘rida hilpirab turgan O‘zbekiston bayrog‘i — bu shunchaki mato emas, balki ajdodlar orzusi, bugunning ishonchi va ertangi kunning porloq umidi ekanligini, uning har bir rangi, har bir chizig‘i xalqimizning tarixi, qadriyati va mustaqillik ruhi bilan sug‘orilganligini ta’kidladi.
Tadbir ochiq muloqot, savol-javob va fikr almashuv tarzida, o‘quvchi-yoshlarning faol ishtirokida o‘tdi. Ular mavzuga doir o‘zlarini qiziqtirgan savollariga bevosita mutaxassislar tomonidan batafsil javob oldilar.
Bundan tashqari, tadbirda o‘quvchilar uchun yuridik adabiyotlar ko‘rgazmasi ham tashkil etilib, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan nashr etilgan 70ga yaqin yuridik adabiyotlarni maktab kutubxonasiga tuhfa etildi.
Uchrashuv maktab jamoasi va o‘quvchilar uchun katta ilhom manbai bo‘ldi. Tadbir ko‘tarinki ruhda, yangi g‘oyalar va yorqin taassurotlarga boy tarzda bo‘lib o‘tdi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
Ўзбекча
English
Русский