“Al Harir” gazetasi: Yangi O‘zbekiston: konstitutsiyaviy islohotlardan – konstitutsiyaviy barqarorlik sari

AR-RIYOZ, 29-noyabr. /“Dunyo” AA/. Saudiya Arabistonining “Al Harir” gazetasida O‘zbekiston Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, akademik Akmal Saidovning “Yangi O‘zbekiston: konstitutsiyaviy islohotlardan – konstitutsiyaviy barqarorlik sari” sarlavhali maqolasi eʼlon qilindi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada taʼkidlanishicha, 2025-yil yodda qoladigan muhim voqealar va yubiley sanalariga boy bo‘ldi. Ayniqsa, joriy yilda Birlashgan Millatlar Tashkilotining 80 yilligi hamda YXHK Xelsinki hujjatining 50 yilligi keng nishonlanayotgani alohida eʼtiborga molikdir.

 

BMT Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasida xalqaro hamjamiyat mazkur xalqaro tashkilot faoliyatini isloh qilish zarurligini yana bir bor tasdiqladi. Bu islohotlar samaradorlikni oshirish imkoniyatlarini aniqlash, vazifalarni bajarish tartibini qayta ko‘rib chiqish hamda ehtimoliy tarkibiy o‘zgarishlar va dasturlarni qayta tuzish masalalarini o‘z ichiga oladi.

Materialda aytilishicha, inson huquqlari – hozirgi zamon sivilizatsiyasi taraqqiyotining o‘ziga xos ko‘rsatkichidir. Afsuski, dunyoda yuz berayotgan ijtimoiy-iqtisodiy inqirozlar, iqlim o‘zgarishlari, narx-navo kelishmovchiliklari, oziq-ovqat xavfsizligi, raqamlashtirish borasidagi tengsizliklar, o‘zaro ishonchning yo‘qolishi kabi muammolar inson huquqlari masalalariga va 2030-yilgacha bo‘lgan davrda Barqaror rivojlanish sohasidagi kun tartibini amalga oshirish jarayonlariga salbiy taʼsir ko‘rsatmoqda.

Hozirgi davrda Yangi O‘zbekiston ortga qaytmas demokratik islohotlar yo‘lidan dadil bormoqda, pragmatik tashqi siyosat yuritmoqda, jahon hamjamiyati bilan ochiq va faol muloqot olib bormoqda. Mamlakatimizda inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Aynan O‘zbekistonda o‘tkazilgan so‘nggi konstitutsiyaviy o‘zgarishlar mazmun-mohiyatini muxtasar tahlil etadigan bo‘lsak, mazkur jarayonda xalqning keng ishtiroki – konstitutsiyaviy islohotlarning birinchi o‘ziga xos xususiyati hisoblanadi. Keng jamoatchilik ishtiroki va mazmunli munozaralar taʼminlangan ochiq va erkin jamoatchilik muhokamasidan keyingina Konstitutsiyaga tegishli o‘zgartirishlar ishlab chiqildi.

“Konstitutsiyaviy vatanparvarlik tushunchasining tub mazmun-mohiyati shuki, bunda fuqarolar o‘z Vatani va xalqini, uning tarixi, madaniyati, azaliy qadriyatlari va huquqiy anʼanalarini faqat sevish hamda hurmat qilish bilangina cheklanib qolmaydi. Balki ular zimmasidagi konstitutsiyaviy majburiyatlarni halollik va ulkan masʼuliyat bilan ado etish orqali Konstitutsiyada qayd etilgan suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlatni barpo etish ishiga o‘zining munosib hissasini qo‘shishga intiladi”, – deya maqolaga xulosa qilingan.
Powered by GSpeech