“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi ijrosida fuqarolik jamiyati bilan davlat hamkorligining yangi bosqichi
Bugun Toshkent shahridagi Yoshlar ijod saroyida mamlakat taraqqiyotining eng muhim yo‘nalishlaridan biri “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining amalga oshirilishida nodavlat notijorat tashkilotlarining o‘rniga bag‘ishlangan yirik davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Ushbu tadbir “Fuqarolik jamiyati haftaligi” doirasida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Fuqarolik jamiyatini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi hamda Prezident huzuridagi Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi – mamlakatning keyingi bosqichdagi rivojlanish g‘oyasi, jamiyatning barcha qatlamlarini qamrab oluvchi keng ko‘lamli dasturilamal sanaladi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2023 yil 11 sentyabrdagi PF-158-son farmonida fuqarolik jamiyati institutlarini strategiya ijrosiga keng jalb etish zarurligi alohida qayd etilgani bejiz emas. Chunki strategiyada belgilangan vazifalar faqat davlat idoralari emas, balki jamoatchilik, ilmiy doiralar, NNTlar va fuqarolarning bevosita ishtiroki orqali samarali amalga oshiriladi. Ayniqsa, monitoring va baholash jarayonlarida jamoatchilik nazoratining kuchaytirilishi strategiyaning shaffofligini ta’minlaydi. Bu esa davlat va jamiyat o‘rtasida ochiq muloqot va ishonch muhitini mustahkamlaydi.
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov ta’kidlaganidek, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi bu xalq strategiyasi. Demak, har bir islohotning markazida inson manfaatlari turishi, jamoatchilik fikri eshitilishi, NNTlar faoliyati esa davlat siyosatini baholashning muhim mezoniga aylanishi lozim.
Ta’kidlanganidek, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi tomonidan vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda shaffoflikni ta’minlovchi uzbekistan2030.uz jamoatchilik platformasi ishga tushirilgan. Har yili BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari bilan uyg‘un holda strategiyaning amalga oshirilishi tahlil qilinib, jamoatchilikka e’lon qilinadi. Tadbirda mazkur platforma taqdimoti o‘tkazilib, uning imkoniyatlari, jamoatchilik fikrini taqdim etishi, Strategiya va Davlat dasturlari ijrosi haqidagi ochiq ma’lumotlar, fuqarolar fikrini to‘plash mexanizmi va loyihalarning batafsil statistik ma’lumotlarini e’lon qilib borilishi tartiblari haqida ma’lumotlar berildi.
Shuningdek, tadbir davomida vazirlik va idoralar vakillari ham “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi va Davlat dasturlari ijrosi doirasida bajarilayotgan islohotlar va ularning xalqimiz hayotidagi ahamiyati xususida fikr yuritdi.
Xususan, energetika sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, “yashil energetika” loyihalari va mazkur jarayonda jamoatchilik hamkorligining ahamiyati, aholi o‘rtasida energiya tejamkorligi bo‘yicha olib borilayotgan ishlar, NNTlar bilan amalga oshirilgan ekologik va ijtimoiy loyihalar, “Yashil makon” umummilliy loyihasining jamoatchilik ishtirokida amalga oshirilishi, atrof-muhitni muhofaza qilish va ekologik madaniyatni oshirishda NNTlarning qo‘llab-quvvatlovchi roli, ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha keng qamrovli yangi tashabbuslar, suv resurslarini tejash madaniyatini oshirish, NNTlar bilan suv resurslarini boshqarish bo‘yicha qo‘shma loyihalar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Davra suhbati yakunida NNTlar uchun yangi grant mexanizmlarini shakllantirish, davlat organlari bilan o‘zaro axborot almashinuvini takomillashtirish, jamoatchilik nazoratining huquqiy asoslarini yanada kuchaytirish, ekologik va ijtimoiy dasturlarda NNTlar ishtirokining samaradorligini oshirish, O‘zbekistonning milliy strategiyalarini amalga oshirishda xalqaro tajribadan foydalanish bo‘yicha fikrlar ilgari surildi.
Bugun O‘zbekiston yangi taraqqiyot bosqichida. Shu bois, ushbu davra suhbati nafaqat ma’lumot almashinuvi, balki davlat va jamiyat o‘rtasidagi muloqotni yangi bosqichga olib chiqish, strategiyaning haqiqiy xalqchil ruhini mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.
Dildora DO‘SMATOVA,
O‘zA
Ўзбекча
English
Русский