Akmal Saidov: “Asosiy Qonunimizda inson huquq va erkinliklarini ta’minlash davlatning oliy maqsadi, deb e’lon qilingan”
3-dekabr kuni Toshkent shahridagi Yoshlar ijod saroyida “Inson huquqlari va manfaatlari sohasida davlat va nodavlat tashkilotlari hamkorligi” mavzusida milliy forum bo‘lib o‘tdi. Tadbir mamlakatimizda fuqarolik jamiyati institutlari sohasida amalga oshirilgan ishlarni tahlil qilish va sohani yanada rivojlanish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish maqsadida kuni kecha start berilgan muloqot maydoni – «Fuqarolik jamiyati haftaligi» doirasida tashkil etildi.
Milliy forumning ochilishida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori akademik Akmal Saidov ishtirok etdi va so‘zga chiqdi.
A. Saidov dastavval 2023-yil 30-aprel kuni o‘tkazilgan referendumda umumxalq ovoz berish orqali qabul qilingan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi “Inson – jamiyat – davlat” tamoyiliga asoslanib, unda barcha aholi toifalarining huquq va manfaatlari aks ettirilganiga e’tiborni qaratdi. Asosiy Qonunimizda inson huquq va erkinliklarini ta’minlash davlatning oliy maqsadi, deb e’lon qilingani hamda inson huquqlariga oid normalar 3 barobardan ortiqqa oshirilgani ta’kidlandi.
O‘z navbatida, Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Konstitutsiyasining 56-moddasida inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarga bag‘ishlangan normalarning mustahkamlanishi davlatning inson huquq va erkinliklarini ta’minlash va himoya qilishga, jamiyatda inson huquqlari madaniyatini rivojlantirishga qat’iy sodiqligini namoyon etadi hamda ushbu huquqiy amaliyot ilg‘or xalqaro va xorijiy tajribaga to‘la mos keladi. Milliy markaz direktori uqtirganidek, inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar fuqarolik jamiyati institutlari bilan yaqindan hamkorlik qiladi, nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini takomillashtirishga ko‘maklashadi va ularga inson huquqlari sohasidagi samaradorlik darajasini oshirishda har tomonlama yordam beradi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 69-moddasida quyidagi yangi norma ham aks etgan: “Fuqarolik jamiyati institutlari, shu jumladan jamoat birlashmalari va boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, ommaviy axborot vositalari fuqarolik jamiyatining asosini tashkil etadi”. Ya’ni, bir tomondan, Asosiy qonunimizga “fuqarolik jamiyati institutlari” iborasi kiritildi. Ikkinchi tomondan, mahallalar va ommaviy axborot vositalari fuqarolik jamiyati institutlari qatorida qayd etildi.
Fuqarolik jamiyati institutlarining maqomi konstitutsiyaviy darajaga ko‘tarilishi, Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, butun davlat boshqaruv tizimini sifat jihatdan yangi bosqichga – “Yangi shaxs”, “Yangi fuqarolik jamiyati”, “Yangi demokratik boshqaruv tizimi” darajasiga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Konstitutsiyamizga ilk marotaba fuqarolik jamiyati institutlariga bag‘ishlangan alohida bob kiritilishi va ular faoliyati kafolatlarining belgilanishi jamiyatda ochiqlik, oshkoralik va qonuniylik muhitini, davlat va jamiyat o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlash hamda kuchli jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yish uchun mustahkam zamin hozirladi, dedi A.Saidov.
Milliy forum ikkita sho‘bada o‘z ishini davom ettirdi. Muhokamalarda xalqaro va xorijiy ekspertlar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari – taxminan 100 nafar ishtirokchi qatnashdi.
So‘zga chiqqanlar e’tirof etganlaridek, joriy yilda ayni sohaga oid 20 ga yaqin normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi. Fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatiga daxldor 10 ta qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
«O‘zbekiston–2030» strategiyasi, 2021–2025-yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi va prezident farmonlari Yangi O‘zbekistonda erkin va kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirish borasida keng ko‘lamli va shiddatli islohotlarning amalga oshirilishiga xizmat qilmoqda. Fuqarolik jamiyati institutlari muhim tashabbus va loyihalarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning shaffof va sog‘lom raqobat tamoyiliga asoslangan yangicha tizimi yaratildi.
Ma’lumot uchun: O‘zbekiston Prezidenti Farmoniga muvofiq, har yili dekabr oyining birinchi haftasida «Fuqarolik jamiyati haftaligi» o‘tkazilishi belgilangan. Parlament a’zolari, davlat idoralari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, xorijiy ekspertlar ishtirok etayotgan bu galgi haftalik, fuqarolik jamiyatining 1500 nafardan ortiq vakilini jalb etgan holda, yurtimizning barcha hududlarida o‘tkazilib, taklif va tashabbuslar saralab olinadi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
Ўзбекча
English
Русский