“Konstitutsiya ko‘chasi”da ma’rifiy-huquqiy tadbirlar o‘tkazildi
5-dekabr kuni, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayrami arafasida Toshkent shahrining Sayilgoh ko‘chasi va barcha hududlarning markaziy ko‘chalarida “Konstitutsiya ko‘chasi” tashkil etildi. Ushbu tadbir Prezidentimizning 2025-yil 21-noyabrdagi Farmoyishi bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuniga bag‘ishlangan bayram tadbirlariga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish dasturi” doirasida amalga oshirildi.
Bu o‘rinda “Konstitutsiya ko‘chasi” Konstitutsiyamizga hurmat va ehtirom ruhini mustahkamlash maqsadida o‘tkazilganini alohida ta’kidlash lozim. Shu munosabat bilan bu yerda fuqarolarning huquqiy bilim va ko‘nikmalarini yanada mustahkamlash maqsadida tegishli davlat tashkilotlari tomonidan “Konstitutsiya burchaklari” tashkil etildi. Taniqli san’atkorlar ishtirokida konsert, ko‘ngilochar-madaniy tadbirlar, sovrinli viktorinalar va sayyor qabullar bo‘lib o‘tdi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi ham mazkur tadbirlarda faol ishtirok etdi. Xususan, “Konstitutsiya ko‘chasi”ning tegishli qismi inson huquqlariga oid targ‘ibot va ko‘rgazmali bannerlar bilan bezatildi.

Konstitutsiya va inson huquqlariga bag‘ishlangan kitoblar ko‘rgazmasi namoyish etildi. Ko‘rgazmada 70 dan ortiq nomdagi huquqiy adabiyot, shuningdek, “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnalining 30 dan ziyod nashri keng jamoatchilikka taqdim etildi. Milliy markaz tomonidan nashr etilgan ushbu zamonaviy adabiyotlarda mamlakatimizda inson huquqlari sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, Konstitutsiya normalarining mazmun-mohiyati, fuqarolarning huquq va majburiyatlari, demokratik jamiyatning asosiy qoidalari keng yoritilgan.


Shuningdek, tadbir doirasida “Siz Konstitutsiyani bilasizmi?” mavzusida interaktiv viktorina tashkil etildi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga oid savol-javoblar asosida tuzilgan ushbu bahsda ishtirok etgan yoshlar o‘z bilimlarini sinab ko‘rib, huquqiy savodxonligini oshirish, amaliy tajribasini kengaytirish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Viktorina g‘oliblariga Milliy markaz sovg‘alari berildi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
Ўзбекча
English
Русский