Toshkent shahar “SHAROIT PLYUS” nogironlar jamoat birlashmasi “Inson huquqlari himoyasi uchun” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi

Joriy yilning 10-dekabr kuni poytaxtimizdagi Inson huquqlari uyida Xalqaro inson huquqlari kuniga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda inson huquq va erkinliklarini himoya qilish hamda ushbu sohani rivojlantirishga munosib hissa qo‘shgan bir guruh faollar va tashkilotlar orasida NJB «SHAROIT PLYUS» ham taqdirlandi.

Biz uchun quvonarlisi, Toshkent shahar “SHAROIT PLUS” nogironlar jamoat birlashmamiz inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi nodavlat notijorat tashkilotlardagi samarali faoliyati uchun yuksak mukofot — “Inson huquqlari himoyasi uchun” ko‘krak nishoni bilan mukofotlandi.

Mukofotni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Saidov Akmal Xolmatovich tantanali ravishda topshirdi. Tadbirda BMT Taraqqiyot dasturi, EXHT va boshqa xalqaro tashkilotlar vakillari ham ishtirok etib, inson huquqlari yo‘lidagi hamkorlikni e’tirof etdilar.

Ushbu yuksak e’tirof “SHAROIT PLYUS” jamoasi uchun nafaqat faxr, balki kelajakdagi faoliyatimiz uchun yanada kuchliroq motivatsiya manbai bo‘ldi. Biz ushbu mukofotni tashkilotimizning har bir a’zosi, ko‘ngillilari va hamkorlarining mehnatiga berilgan yuksak baho deb bilamiz. Bu ko‘krak nishoni bizga bildirilgan ishonch ramzi bo‘lib, zimamizga yanada katta mas’uliyat yuklaydi.

“SHAROIT PLYUS” NJB o‘z oldiga qo‘ygan ezgu maqsadlaridan og‘ishmaydi. Biz nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini himoya qilish, ular uchun jamiyatda teng imkoniyatlar yaratish va inklyuziv muhitni rivojlantirish borasidagi ishlarimizni yanada shijoat bilan davom ettiramiz. Bunday maqsad va vazifalarimizni amalga oshirish uchun HuquqPlus.uz — Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun maxsus huquqiy axborot veb-portalimizni rivojlantiramiz.

Bizni qo‘llab-quvvatlagan barcha hamkorlarimizga va Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markaziga o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz.

Ma’lumot uchun: “Inson huquqlari himoyasi uchun” ko‘krak nishoni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida” 2020-yil 22-iyundagi PF-6012-son Farmoni hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 3-noyabrdagi 685-sonli Qarori bilan tasdiqlangan «Inson huquqlari himoyasi uchun» ko‘krak nishoni to‘g‘risidagi nizomga asosan, har yili inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish hamda sohani rivojlantirish ishlariga munosib hissa qo‘shgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va tashkilotlar hamda xalqaro tashkilot vakillari taqdirlanadi.

Foto: «SHAROIT PLYUS» NJB va Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining matbuot xizmati

"SHAROIT PLYUS" NNT

Powered by GSpeech