ILM BILAN YUKSALGAN – YUKSALADI

“Endi mamlakatimizning mehnat bozori mutlaqo yangi arxitektura asosida – kasb, malaka, texnologiya va ta’limni birlashtiradigan yagona mexanizm sifatida ishlashi zarur”. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2025-yil 26-dekabrdagi Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida ta’kidlangan ushbu fikrlarni tinglar ekanman, ayni shu yo‘nalishlardagi mashaqqatli ilmiy-amaliy izlanishlarda suyagi qotgan taniqli iqtisodiyotchi olim – akademik Qalandar aka Abdurahmonovning jo‘shqin faoliyati xayolimdan o‘tdi.

Ilm bilan yuksalgan yuksaladi, deydilar. Zero, olis tarixda ulug‘ ajdodlarimiz aynan bilim va zakovat, ilmu fan, ta’lim-tarbiya va ma’rifat sohalarini yuksak rivojlantirish hisobiga ikkita Uyg‘onish davri – Birinchi Sharq Renessansi va Ikkinchi Temuriylar Renessansiga asos solganlar.

Uchinchi Renessans sari dadil odimlayotgan Yangi O‘zbekiston uchun bu boradagi ibratli namunalar nihoyatda muhim va dolzarb. Iqtisodiyotda ilmiy maktab yaratgan zabardast olim Qalandar Abdurahmonov – O‘zbekiston Fanlar akademiyasining akademigi, iqtisodiyot fanlari doktori, professor. Shu bilan bir qatorda, Qalandar aka turli tarmoqlar bo‘yicha 6 ta nufuzli xorijiy Akademiyaning akademigi hamdir.

Muhtaram olimimiz ko‘p yillik astoydil mehnati va chuqur ilmiy izlanishlari asosida iqtisodiyot bo‘yicha jahon tan olgan “Mehnat iqtisodiyoti va inson kapitali” ilmiy maktabini yaratgan. Akademik Q.Abdurahmonovning ilmiy maktabidan hozirga qadar 100 nafarga yaqin fan doktori va fan nomzodi yetishib chiqqan. Dunyoning turli davlatlaridagi shogirdlari Ustoz rahbarligida iqtisodiyotning dolzarb muammolari bo‘yicha muvaffaqiyatli ilmiy tadqiqotlar olib borishmoqda. Bularning barchasi, shubhasiz, olimning yangi ilmiy yo‘nalishlar asoschisi ekaniga amaliy misollardir.

Akademik Q.Abdurahmonov ilm-fan va ta’lim-tarbiya tashkilotchisi. Uning qamrovdor ilmiy-amaliy faoliyati mahsuli bo‘lgan darsliklari va o‘quv qo‘llanmalari, monografiyalari va risolalari nafaqat mamlakatimizda, balki jahon miqyosida ham yuksak qadrlanadi.

Qalandar aka o‘zining samarali faoliyati bilan butun dunyoda O‘zbekiston obro‘sini oshirishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan fidoyi olimdir. Uning rahbarligida so‘nggi o‘n yilda ko‘plab xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar o‘tkazilgan.

         Olimning “Mehnat iqtisodiyoti” darsligi mamlakatimizdan tashqari Buyuk Britaniya, Rossiya Federatsiyasi, Indoneziya, Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘iziston kabi xorijiy davlatlarda ham qayta-qayta nashr etilmoqda. Ushbu kitobning kamina kirish so‘zi yozgan inglizcha nashri iqtisodiyot yo‘nalishidagi ko‘plab xorijiy davlatlar oliy o‘quv yurtlarida asosiy darslik sifatida o‘qitilmoqda. Ayniqsa, Indoneziya, Malayziya, Germaniya va Rossiya Federatsiyasida nashr etilgan darsliklari xalqaro ekspertlar tomonidan e’tirof etilgan.

         Akademik Q.Abdurahmonov liderlik qobiliyatiga ega tashkilotchi va keng ko‘lamda fikrlovchi rahbar, mohir pedagog va mehribon murabbiydir. Qalandar Xodjayevich O‘zbekiston tarixida birinchi xorijiy oliy ta’lim muassasasi – G.V.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetining Toshkent shahridagi filiali ochilishiga bosh-qosh bo‘lgan.

Xitoylik ulug‘ faylasuf Konfutsiy yuksak insoniy fazilatlarga hamda liderlik qobiliyatiga ega bo‘lganlarni xarizmatik, ya’ni “fenomenal insonlar” deb atagan. Qalandar aka ham ana shunday fenomenal insonlar toifasiga kiradi.

         Akademik Q. Abdurahmonovning milliy kadrlar tayyorlash tizimini isloh qilish va uni hayotga samarali tatbiq etish sohasida xizmatlari g‘oyat katta. Bu haqda so‘z borganda, jonkuyar olimning bugungi kunda ham ta’lim sohasidagi integratsiya aloqalarini rivojlantirish bo‘yicha tashkiliy va innovatsion faoliyatga, iqtisodiyot fani va amaliyotini ravnaq toptirish ishiga salmoqli hissa qo‘shib kelayotganini  e’tirof etishga burchlimiz.

Akademik Q.Abdurahmonov ko‘plab ilmiy-uslubiy asarlar muallifi hamdir. Bu asarlarning umumiy hajmi 1600 bosma taboqdan oshadi. U o‘zbek, rus, ingliz tillaridagi yirik ilmiy monografiyalar, darsliklar, o‘quv qo‘llanmalarini chop ettirgan.

         Akademik Q.Abdurahmonovning ingliz tilidagi ilmiy asarlari haqida fikr yuritganda, xususan, “Labor market and employment problems” kabi kitoblari chop etilganini ta’kidlash lozim. Shuningdek, dunyo mamlakatlarining turli ilmiy jurnallarida ko‘plab maqolalari e’lon qilingan.

Qalandar aka rahbarlik qilayotgan oliy o‘quv yurtida o‘tiladigan darslarning 40 foizi ingliz tilida olib boriladi. Bularning barchasi taniqli iqtisodchi olimning kitoblari nafaqat O‘zbekiston, balki AQSH, Germaniya, Indoneziya, Malayziya, Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston kabi mamlakatlarda ham iqtisodiyot fani amaliyotining rivojlanishida muhim sanalishidan dalolat beradi.

         Akademik Q.Abdurahmonov ta’lim, ilm-fan, iqtisodiyot va ma’naviyat sohalarining tom ma’nodagi fidoyisi. Akademik Q.Abdurahmonov yurtimizning olis hududlarida muntazam seminar va davra suhbatlari o‘tkazish barobarida, chekka qishloq maktablarining kutubxona fondini boyitish va ilmiy-uslubiy yordam tariqasida o‘z mablag‘lari hisobidan 100 mln. so‘mlikdan ortiq badiiy kitoblar ham yetkazib bergani diqqatga loyiq. Binobarin, kitobxonlik va mutolaa – ma’naviyatni yuksaltirishning muhim va sinovdan o‘tgan samarali omillaridandir.

         Bir misol: 2020-yildan chiqa boshlagan “Yangi O‘zbekiston” gazetasining o‘zida bugungi kungacha olimning iqtisodiy va ma’naviy-ma’rifiy mavzularda yozilgan 27 ta maqolasi chop etildi. Ushbu maqolalar chuqur mazmuni, ilmiy asoslanganligi va ommabopligi bilan e’tibor qozonmoqda.

         Qalandar Abdurahmonov zukko adib, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi hamdir. Qalandar akaning ilmu ijodi haqida hali uzoq to‘xtalish va olimning o‘zi yozgan asarlari hamda nashr etilishiga hissa qo‘shgan kitoblariga yana ko‘plab misollar keltirish mumkin. Biz esa bittagina misol bilan so‘zni muxtasar qilamiz.

Gap shundaki, akademik Q.Abdurahmonov 2020-yili nashrdan chiqqan “Qadimgi Sharq sivilizatsiyalaridan yodgorliklar” va 2021-yili chop etilgan “Avesto” kitoblarini nashrga tayyorlagan akademik Oqil Umurzoqovich Salimov raisligidagi nufuzli tahrir hay’atining a’zosi hisoblanadi. Har ikki kitob “Insoniyat tafakkuri javohirlari” nodir asarlar to‘plami turkumida nashr etilgan.

Mazkur nodir asarlar ko‘p jildligi inson sivilizatsiyasining eng qadimgi davrlaridan boshlab bugungi kunlargacha bo‘lgan buyuk tafakkur mahsulini o‘z ichiga oladi. Prezidentimiz yangi turkumning ilk kitobidagi so‘zboshida ta’kidlaganlaridek, “Buyuk ajdodlarimizning betakror va noyob ilmiy-ma’naviy merosi biz uchun doimiy harakatdagi hayotiy dasturga aylanishi kerak. Bu o‘lmas meros hamisha yonimizda bo‘lib, bizga doimo kuch-quvvat va ilhom bag‘ishlashi lozim”.

Ushbu maqolaga nuqta qo‘yishimiz arafasida akademik Qalandar Abdurahmonovning xalqaro nufuzi yana bir bor e’tirof etilgani bilan bog‘liq yangi xushxabar yetib keldi: mashhur o‘zbek olimi 2026-yilda Tojikiston Milliy fanlar akademiyasining xorijiy a’zosi etib saylandi.

Ushbu yutuq mintaqamiz miqyosidagi ilm-fan rivoji, qo‘shma tadqiqotlar va xalqaro hamkorlikni rivojlantirishda Qalandar akaning tutgan o‘rnini yanada yorqin namoyon etdi. Bu e’tirof Markaziy Osiyoda umumiy ilmiy maydon, tajriba almashuvi va ilmiy diplomatiyani mustahkamlashga xizmat qiluvchi muhim qadam hisoblanadi.

Bir so‘z bilan aytganda, mavlono Jaloliddin Rumiyning shunday hikmatli so‘zlari bor: “Yaxshi inson o‘zidan baxt, yomon inson o‘zidan dars, mukammal inson o‘zidan yaxshi iz qoldiradi”. Shu ma’noda, butun umrini ilm-fan va ta’lim-tarbiyaga baxshida etgan Qalandar aka hayot va ijod, ilm-fan va ta’lim-tarbiya yo‘llarida doimo o‘zidan yaxshi iz qoldirib kelmoqda.

Umringizga, ilmu ijodingizga baraka, Ustoz!

 

Akmal Saidov,

akademik

 «Ishonch» gazetasining 2026-yil 24-yanvar kungi 11-12 (5232)-soni

Powered by GSpeech