Milliy markazda Vengriyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi bilan uchrashuv

23-yanvar kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori A. Saidov Vengriyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Y. Roja bilan uchrashdi. Muzokaralarda asosiy e’tibor inson huquqlari va akademik ta’lim sohalarida ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash istiqbollarini muhokama qilishga qaratildi.

Suhbat davomida tomonlar 2026-yil iyun oyida O‘zbekistonda o‘tkazilishi rejalashtirilgan BMTning fuqarolik, siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy huquqlar to‘g‘risidagi asosiy xalqaro paktlari qabul qilinganining 60-yilligiga bag‘ishlangan Inson huquqlari bo‘yicha beshinchi Samarqand forumiga tayyorgarlik ko‘rish xususida atroflicha so‘z yuritdilar.

A. Saidov Asosiy huquqlar bo‘yicha vakil I. Yuxas rahbarligidagi Vengriya delegatsiyasini Forumda ishtirok etishga rasman taklif etdi. Tomonlar Samarqand forumi global muloqot uchun samarali maydon sifatida o‘zini ko‘rsatganini, ziddiyatlarni bugungi kunning dolzarb muammolarini konstruktiv muhokama qilish bilan almashtirish imkonini berishini e’tirof etdilar.

Bundan tashqari, tomonlar akademik ta’lim aloqalarining yuqori darajasini ta’kidlab, ikki davlat huquqshunoslik jamoalari va ilmiy doiralari o‘rtasidagi tajriba almashuvini yanada rivojlantirishga tayyorligini bildirdilar. Bu yo‘nalishda mavjud hamkorlik aloqalarining mustahkam amaliyotidan foydalanish haqida kelishib olindi.

Shuningdek, 2026-yil aprel oyida Vengriyada bo‘lib o‘tadigan parlament saylovi munosabati bilan saylov hamkorligi masalalari muhokama etildi. Vengriya Elchisi o‘zbekistonlik parlament a’zolari va mutaxassislarning Budapeshtdagi saylovda xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etishiga qiziqish bildirdi.

Tashrif doirasida huquqiy tajriba almashish maqsadida Vengriya Konstitutsiyaviy sudi rahbariyati bilan ishchi uchrashuv o‘tkazish ham rejalashtirilmoqda.

Milliy markazdagi uchrashuv qizg‘in va konstruktiv ruhda o‘tdi. Muloqotlar asnosida barcha istiqbolli tashabbuslarni o‘zaro ishonch va milliy manfaatlarga hurmat ruhida amalga oshirishga intilish mavjudligi o‘z tasdig‘ini topdi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech