Inson huquqlarini himoya qilish mexanizmlarini mustahkamlash yo‘lidagi yangi qadam

12-fevral kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida "BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining O‘zboshimchalik bilan hibsga olish bo‘yicha ishchi guruhining vakolati va faoliyati" mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda davlat organlari, sud tizimi, huquqni muhofaza qiluvchi tuzilmalar, inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar, advokatlar, ilmiy hamjamiyat, shuningdek, xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, BMT Inson huquqlari qo‘mitasi a’zosi Akmal Saidov tadbirni ochar ekan, erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqini ta’minlash qonun ustuvorligi va jamiyatning davlat institutlariga bo‘lgan ishonchining asosiy mezonlaridan biri ekanligini ta’kidladi. Yangi O‘zbekiston inson huquqlarini himoya qilishning milliy huquqiy va institutsional mexanizmlarini izchil mustahkamlab borayotgani, BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining maxsus mexanizmlari bilan hamkorlikni kengaytirayotgani, xalqaro hamkorlikni huquqni qo‘llash faoliyatini takomillashtirishning amaliy vositasi sifatida ko‘rayotgani qayd etildi.

Seminarda BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining O‘zboshimchalik bilan hibsga olishlar bo‘yicha ishchi guruhi raisi-ma’ruzachisi Ganna Yudkovskaya asosiy ma’ruzachi sifatida so‘zga chiqdi. U ishchi guruhning vakolati, individual murojaatlarni ko‘rib chiqish tartibi, shoshilinch choralar ko‘rish mexanizmlari, shuningdek, davlat hokimiyati organlari bilan hamkorlik amaliyoti haqida tushuntirishlar berdi.

Muhokamalar davomida, xususan:

- ozodlikdan mahrum qilishning qonuniyligini ta’minlashning xalqaro standartlari;

- ushlab turish va qamoqda saqlash vaqtidagi protsessual kafolatlar;

- ishchi guruhning murojaatlari va tavsiyalariga davlatlarning javob berish tartibi;

- idoralararo muvofiqlashtirish va axborot almashishni kuchaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Seminar ishtirokchilari to‘g‘ridan to‘g‘ri professional tajriba almashish katta amaliy ahamiyatga egaligini ta’kidladilar. Tomonlar BMT mexanizmlari doirasida o‘zboshimchalik bilan hibsga olishning oldini olish hamda milliy huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish sohasida hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyorligini bildirdi.

Ushbu seminarning o‘tkazilishi Yangi O‘zbekistonning inson huquqlarini himoya qilish milliy tizimini mustahkamlash, huquqiy savodxonlikni oshirish va davlat organlari faoliyatiga xalqaro standartlarni joriy etish bo‘yicha izchil siyosatini amalga oshirish yo‘lidagi navbatdagi qadam bo‘ldi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech