BMTning vaqtincha chora ko‘rishga oid murojaatlari qanday ko‘rib chiqiladi?

“Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmonga yangi farmon bilan o‘zgartirishlar kiritildi.

Farmonning 3-ilovasiga  kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, BMTning vaqtinchalik choralar to‘g‘risidagi murojaatlarini ko‘rib chiqish tartibi belgilandi.

Unga ko‘ra, BMTning shartnomaviy qo‘mitalari tomonidan yuborilgan vaqtinchalik choralar to‘g‘risidagi murojaat Tashqi ishlar vazirligi orqali kelib tushgandan so‘ng bir kun muddatda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi va Adliya vazirligiga yuboriladi.

Markaz bir kun muddatda mas’ul davlat organlariga so‘rovnoma yuborib, ulardan vaqtinchalik choralarni amalga oshirish bo‘yicha tezkor chora-tadbirlar ko‘rish va zarurat tug‘ilganda, asoslangan tushuntirish taqdim etishni so‘raydi.  

Davlat organlari uch kun muddatda amalga oshirilgan chora-tadbirlar yoki amalga oshirilishi rejalashtirilgan tadbirlar yuzasidan tushuntirishni markazga taqdim etadi.

Markaz ishchi guruh bilan birgalikda yig‘ilgan ma’lumotlar asosida uch kun muddatda Hukumatning rasmiy nuqtai nazarini shakllantiradi va Tashqi ishlar vazirligiga yuboradi.

Hukumatning rasmiy nuqtai nazari Tashqi ishlar vazirligi tomonidan ikki kun muddatda BMTning shartnomaviy qo‘mitalariga yuboriladi.

N.Abduraimova, O‘zA

Powered by GSpeech