Inson huquqlari sohasidagi jahon ta’lim dasturining beshinchi bosqichi bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi

Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2026-yil  3-martda “O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi jahon ta’lim dasturining beshinchi bosqichini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaror qabul qilindi. Qaror bilan O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi jahon ta’lim dasturining beshinchi bosqichini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” hamda Inson huquqlari sohasidagi jahon ta’lim dasturining beshinchi bosqichini amalga oshirish bo‘yicha Milliy komissiya tarkibi tasdiqlandi.

Ma’lumki, BMT tomonidan 2025–2029-yillar Inson huquqlari bo‘yicha Jahon ta’lim dasturining beshinchi bosqichini  amalga oshirish davri sifatida e’lon qilindi. BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi 2024-yil 9-oktyabrda “Inson huquqlari sohasida jahon ta’lim dasturi: beshinchi bosqich uchun harakatlar rejasi” bo‘yicha 57/10-sonli rezolyutsiyasini qabul qildi.

Shu munosabat bilan mamlakatimizda 2025-yil davomida davlat organlari xodimlarining inson huquqlari, gender tenglik va qiynoqqa qarshi kurashish sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish bo‘yicha o‘quv kurslari muntazam tashkil etildi. Binobarin, Vazirlar Mahkamasining yangi qarori bu boradagi ishlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarishga qaratilgani bilan dolzarb va muhimdir.

Qaror bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi jahon ta’lim dasturining beshinchi bosqichini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” 24 ta banddan iborat. Unda inson huquqlari sohasida davlat siyosatini samarali amalga oshirish, inson huquqlari madaniyatni shakllantirish, yoshlarning huquqiy ongini yuksaltirishga oid ta’sirchan chor-tadbirlar belgilangan.

Shuningdek, inson huquqlari va raqamli texnologiyalar, gender tenglikka alohida e’tibor qaratish, inson huquqlari va asosiy erkinliklarini himoya qilishning xalqaro mexanizmlari to‘g‘risidagi xabardorlikni oshirish hamda Inson huquqlari sohasidagi jahon ta’lim dasturining beshinchi bosqichida belgilangan vazifalarni samarali va o‘z vaqtida amalga oshirish kabi dolzarb maqsadlarga erishish ko‘zda tutilmoqda.

Inson huquqlari sohasidagi jahon ta’lim dasturining beshinchi bosqichini amalga oshirish bo‘yicha Milliy komissiya tarkibiga inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar, oliy ta’lim va ilmiy tashkilotlar hamda fuqarolik jamiyati instituti vakillari kiritilgan.

 

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech