Xalq qabulxonalari faoliyati yanada kuchaytiriladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini yangi darajaga ko‘tarish va jamoatchilik fikrini chuqur tahlil qilish masalalari yuzasidan videoselektorda Xalq qabulxonalari faoliyatini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari belgilab berildi.
Prezident Administratsiyasiga hokimlar bilan birgalikda Xalq qabulxonalariga muammolarning mohiyatini tushunadigan zamonaviy kadrlarni jamlash, murojaatlarni tizimli tahlil qilish bo‘yicha alohida nazorat guruhi faoliyatini yo‘lga qo‘yish topshirildi.
Prezident Administratsiyasi Kommunikatsiyalar departamenti har oyda Xalq qabulxonalariga kelib tushgan murojaatlarni tahlil qilib, umumlashtiradi, vazirlar va hokimlarga yetkazib, ijrosini nazorat qiladi. Odamlar kayfiyatiga ta’sir qilayotgan masalalar bo‘yicha rahbarlar hisobotini eshitib boradi, eng muammoli masalalar bo‘yicha takliflarni Hukumatga kiritadi.
Hukumatda vazirlik va idoralarning rahbar xodimlaridan iborat Tezkor shtab tuziladi. Ko‘tarilgan masalalar hudud va tarmoqlar kesimida joyiga chiqqan holda hal qilinadi.
Xalq qabulxonalariga murojaatlarni ko‘rib chiqish tartibini buzgan idoralarga majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berish vakolati beriladi.
Kommunikatsiyalar departamentiga murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha davlat idoralari reytingini yo‘lga qo‘yish va har olti oyda e’lon qilib borish topshirildi.
Bosh prokurorning komplayens bo‘yicha o‘rinbosari oldiga bu boradagi barcha topshiriqlar ijrosini qat’iy nazoratga olish vazifasi qo‘yildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot kotibining rasmiy kanali
Ўзбекча
English
Русский