Fransuz tili: Madaniyatlararo ko‘prik va O‘zbekiston diplomatiyasidagi yangi ufqlar

20-mart — Xalqaro fransuz tili kuni

 

Har yili bahorning ilk kunlarida butun dunyo bo‘ylab millionlab insonlar fransuz tili va madaniyatiga ehtirom ko‘rsatadilar. Binobarin, 20-mart — Xalqaro fransuz tili kuni nafaqat til bayrami, balki tinchlik, demokratiya va inson huquqlari kabi umuminsoniy qadriyatlarni birlashtiruvchi ramziy sanadir.

Bugungi kunda O‘zbekistonda ushbu tilga bo‘lgan qiziqish va davlat darajasidagi e’tibor tubdan yangi bosqichga ko‘tarildi.

Xalqaro fransuz tili kuni BMT rezolyutsiyasiga muvofiq 2010-yildan e’tiboran jahon miqyosida an’anaviy tarzda nishonlab kelinmoqda. Bu sana nafaqat fransuz tilining boy o‘tmishi, balki uning zamonaviy xalqaro munosabatlardagi ulkan ta’siriga nisbatan yuksak ehtirom namunasi hamdir.

Bayramning aynan 20-mart sanasiga belgilanishi bejiz emas. Bu kun 1970-yilda Madaniy va texnik hamkorlik agentligi tashkil etilgan sana bilan bog‘liq bo‘lib, aynan ushbu tuzilma poydevorida bugungi qudratli Xalqaro Frankofoniya tashkiloti qad ko‘targan.

Hozirda bu nufuzli tashkilot o‘z atrofida 93 ta davlatni birlashtirib turibdi. Bosh qarorgohi Parij shahrida joylashgan tashkilot “Tenglik, umumiylik, hamjihatlik” (Liberté, Égalité, Fraternité) ezgu shiori ostida dunyo bo‘ylab madaniy muloqot va hamkorlikni targ‘ib etib kelmoqda.

Shubhasiz, fransuz tili — buyuk fransuz madaniyatining qalbidir. Insoniyat ma’naviy xazinasidan mustahkam o‘rin olgan jahon adabiyotining eng sara durdonalari shu tilda dunyoga kelgan. Shuningdek, betakror kino san’ati va dramaturgiya asarlari orqali fransuz tili dunyo bo‘ylab nafosat va san’at tili sifatida e’tirof etiladi.

Shu bilan birga, fransuz tili global siyosat maydonida ham o‘ta muhim strategik ahamiyatga ega. BMTning 6 ta rasmiy tilidan biri sifatida u xalqaro diplomatiyaning poydevori hisoblanadi. Eng muhim xalqaro huquqiy hujjatlar, konvensiyalar va bitimlarning aynan fransuz tilida tayyorlanishi yoki unga mukammal tarzda tarjima qilinishi ushbu tilning yuridik aniqlik bobida va xalqaro muloqotda yuksak mavqega egaligidan dalolat beradi.

Davlatimiz rahbarining 2025-yil 12-13-mart kunlari Fransiya Respublikasiga amalga oshirgan tashrifi ikki tomonlama munosabatlarda yangi sahifa ochdi. Mazkur tashrif doirasida har ikki mamlakat uchun nihoyatda manfaatli va istiqbolli ko‘plab kelishuvlarga erishildi.

Ayniqsa, O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasida Strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiyaning qabul qilinishi xalqaro maydonda olamshumul tarixiy voqea sifatida e’tirof etildi. Shu bilan birga, umumiy qiymati 6,5 milliard yevroga teng iqtisodiy loyihalarni qamrab oluvchi "Investitsiya va innovatsiya sohalarida hamkorlik dasturi" imzolandi.

Ushbu muhim hujjatlar azaldan do‘st va ishonchli hamkor bo‘lgan O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy hamda madaniy aloqalarni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Fransiya Respublikasining eng nufuzli mukofoti — Faxriy legion ordeni bilan taqdirlanganini ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro hurmatning oliy namunasi sifatida alohida qayd etish joiz. Napoleon Bonapart tomonidan 1802-yilda ta’sis etilgan ushbu yuksak mukofotni Fransiya rahbari Emmanuel Makron davlatimiz rahbariga tantanali ravishda topshirdi. Bu voqea Yangi O‘zbekiston diplomatiyasi va uning xalqaro maydondagi nufuzi Fransiya kabi yirik davlatlar tomonidan yuksak qadrlanayotganining yaqqol tasdig‘idir.

Yangi O‘zbekiston taraqqiyotida Yevropaning yetakchi davlatlaridan biri — Fransiya bilan madaniy-ma’rifiy aloqalarni mustahkamlash ustuvor vazifalardan biriga aylandi. Mamlakatimizdagi ko‘plab umumta’lim maktablarida fransuz tili asosiy xorijiy tillardan biri sifatida chuqur o‘rgatilmoqda. Ushbu tilga ixtisoslashgan ta’lim muassasalari tarmog‘ining kengayib borayotgani yoshlarimizning fransuz madaniyati va ilm-faniga bo‘lgan qiziqishi yuqori ekanligidan dalolat beradi.

Mazkur hamkorlikning yorqin ifodasi sifatida, har yili 20-mart – Xalqaro fransuz tili kuni butun yurtimiz bo‘ylab keng ko‘lamda va tantanali ravishda nishonlanmoqda. Bu an’ana ikki xalq o‘rtasidagi ma’naviy yaqinlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Mamlakatimiz mustaqillikka erishgach, xalqaro munosabatlarning teng huquqli subyekti sifatida xorijiy davlatlar, shu jumladan Fransiya Respublikasi bilan ham diplomatik aloqalarni yo‘lga qo‘ydi. Parij shahrida 1993-yil 27-oktyabrda “O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Fransiya Respublikasi Hukumati o‘rtasida madaniy, ilmiy va texnikaviy hamkorlik to‘g‘risida”gi bitim imzolandi. Ushbu hujjat asosida yurtimizda fransuz tilini ommalashtirishga keng imkoniyatlar yaratildi.

Bugungi kunda fransuz tili mamlakatimizdagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari, maktablar, texnikumlar va oliy ta’lim muassasalarida o‘qitiladi. Samarqandda 2024-yilda “Fransuz alyansi”, ya’ni fransuz tili markazi faoliyat boshladi.

Yangi O‘zbekistonda yosh avlodga xorijiy tillarni sifatli o‘rgatish davlat ta’lim siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sanaladi. Zero, davlatimiz rahbari uqtirganidek, “Biz raqobatdosh davlat qurishni o‘z oldimizga maqsad qilib qo‘ygan ekanmiz, bundan buyon maktab, litsey, kollej va oliy o‘quv yurti bitiruvchilari kamida 2 ta chet tilini mukammal bilishlari shart. Bu qat’iy talab har bir ta’lim muassasasi rahbari faoliyatining asosiy mezoniga aylanishi lozim”.

Xulosa qilib aytganda, 20-mart – fransuz tilining ahamiyatini e’tirof etish kuni. Fransuz tili va madaniyatini o‘rganish orqali har bir inson o‘zining shaxsiy rivojlanishi uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.

 

Sevinch JAMSHIDOVA,

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazi xodimi 

Powered by GSpeech