AMIR TEMUR VA DIPLOMATIYA
“Bizning havas qilsa
arziydigan ulug‘ tariximiz bor.
Havas qilsa arziydigan ulug‘
ajdodlarimiz bor”.
Shavkat MIRZIYOEV,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shu kunlarda nafaqat O‘zbekiston, balki jahonda insoniyat tarixini o‘zgartira olgan, Ikkinchi Sharq Renessansini boshlab bergan daho islohotchi bobomiz Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690-yilligi keng nishonlanmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-fevralda qabul qilingan “Buyuk davlat arbobi va sarkarda, ilm-fan, madaniyat va san’at homiysi Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690-yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori bu borada dasturilamal bo‘lmoqda.
Temuriylar Uyg‘onish davrini o‘rganish: ustuvor vazifalar
Prezidentimiz qaroriga muvofiq, har yili aprel oyi “Amir Temur oyligi” deb e’lon qilinadi. Bunda ta’lim tashkilotlari va mahallalarda temurshunos olimlar, yozuvchi va san’atkorlar ishtirokida uchrashuvlar uyushtiriladi.
Shuningdek, Temuriylar davri tarixini tizimli o‘rganish va ilmiy natijalarni keng targ‘ib etish bo‘yicha 2030-yilgacha mo‘ljallangan “yo‘l xaritasi” asosida, jumladan, joriy yilda:
birinchidan, 9–10-aprel kunlari Islom sivilizatsiyasi markazida “Amir Temur va temuriylar tamaddunining jahon tarixi va madaniyatidagi o‘rni va ahamiyati” mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya o‘tkazish;
ikkinchidan, “Temur tuzuklari” asarining ilmiy izohli matnini o‘zbek tilida (lotin va kirill alifbolarida), shuningdek, fors, arab, xitoy, ingliz, fransuz, ispan va rus tillarida chop etish;
uchinchidan, “Temuriylar davrining 100 nodir qo‘lyozmasi”, “Temuriylar davrining 100 nodir durdonasi” kitob-albomlarini yaratish;
to‘rtinchidan, Temuriylar davriga oid, xorijiy davlatlarda saqlanayotgan asl yozma manbalar nusxalarini O‘zbekistonga olib kelish;
beshinchidan, «Tirik tarix» loyihasi asosida suratga olingan, Amir Temur saltanatining Yevropa davlatlari bilan diplomatik va Elchilik aloqalari yoritib berilgan tarixiy-badiiy va hujjatli filmlarni Ispaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya kabi xorijiy mamlakatlarda namoyish etish;
oltinchidan, xorijiy davlatlarda «Buyuk Temuriylar tarixi va madaniy merosi» mavzusida taqdimotlar, media-tadbir va anjumanlar o‘tkazish;
yettinchidan, Temuriylar davri manbalari elektron platformasini ishga tushirish belgilandi.
Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690-yilligiga bag‘ishlangan tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish bo‘yicha Tashkiliy qo‘mita ayni yo‘nalishda izchil ish olib bormoqda.
Mamlakatimiz milliy taraqqiyotining yangi bosqichi — Uchinchi Renessansga qadam qo‘yayotgan, hayotimizning barcha jabhalarida tub o‘zgarishlar yuz berayotgan bugungi kunda Sohibqiron Amir Temurning shaxsiyati, buyuk ajdodimizning bashariyat tarixi va Turon tamaddunidagi o‘rni hamda Temuriylarning boy va betakror merosini chuqur o‘rganish, yurtimiz va chet ellarda keng ommalashtirishga alohida e’tibor qaratilayotgani bejiz emas.
Zotan, Amir Temur bobomiz markazlashgan davlatga asos solib, uning kuch-qudratini har tomonlama mustahkamlab va rivojlantirib, shon-shuhratini butun jahonga yoydi, buyuk saltanatning hukmdori sifatida millatlar va xalqlarni birlashtirdi. U zotning davrida iqtisodiyot va savdo, madaniyat va ilm-fan, me’morchilik va tasviriy san’at, musiqa va she’riyat yuqori cho‘qqilarga ko‘tarildi. Bir so‘z bilan aytganda, Temuriylar davri Renessansiga asos solindi.
Temuriylar davri Renessansi: Amir Temur – bunyodkor shaxs
Haqiqatan ham, Amir Temur jahon tarixida qudratli va gullab-yashnagan davlat barpo etgan buyuk sarkarda va davlat arbobi sifatidagina mavqe tutmaydi. Sohibqiron o‘z poytaxti bo‘lmish Samarqandni yer yuzining madaniy-me’moriy va ilmiy-ma’naviy markazlaridan biriga aylantirgan.
Shuning uchun Amir Temurning ibratli hayoti va davlatdorlik iqtidori va faoliyati, saltanati tarixi, undagi ilm-fan va madaniyatni o‘rganish tarixshunoslikning yirik ilmiy yo‘nalishlaridan biri sifatida doimo jahon olimlari, davlat rahbarlari, siyosatchilar diqqat-e’tiborida bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qolmoqda. Shuningdek, Temuriylar tarixiga oid manbalar jahon miqyosida turli tillarga tarjima qilingan hamda ilmiy tadqiqotlar amalga oshirilgan.
Dunyo tarixshunosligida Amir Temur davrini o‘rganishga oid nashrlar kun sayin ortib bormoqda. Pirovardida, jahon jamiyatshunosligida “Temurshunoslik” mustaqil ilmiy yo‘nalishi shakllandi.
Bugun Amir Temur va Temuriylar sulolasining dunyo sivilizatsiyasi rivojiga, insoniyatning ilmiy, siyosiy-huquqiy, ma’naviy-g‘oyaviy, madaniy va tafakkur darajasining keskin ko‘tarilishiga qo‘shgan hissasi beqiyosligi hech kimda shubha uyg‘otmaydi. Temuriylar Uyg‘onish davrini butun dunyo tan olganligini alohida qayd etish lozim. Fransuz olimi Vensan Furniyo “Temuriylar davri Renessansi” iborasini birinchi bo‘lib qo‘llaganining o‘zi ham shundan dalolatdir.
Jahon hamjamiyati Temuriylar davrini ilm-fan, madaniyat, san’at va adabiyot taraqqiyoti hamda ulug‘ kashfiyot va ixtirolarda o‘z aksini topgan davr, xalqimizni esa – shu paytgacha ikki marotaba Renessansga asos solgan xalq sifatida e’tirof etadi. Ya’ni, xalqimiz haqli ravishda tom ma’noda kam sonli “Renessans yarata olgan xalqlar” sirasiga kirgani tahsinga loyiqdir.
Shu ma’noda, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimizda keng ko‘lamli demokratik o‘zgarishlar, jumladan, ilm-fan va ta’lim-tarbiya sohasidagi islohotlar orqali Yangi O‘zbekistonda yangi Uyg‘onish davri, ya’ni Uchinchi Renessans poydevorini yaratish borasidagi sa’y-harakatlari kutilgan natijalar berishiga to‘la asos bor deb baholanmoqda.
Millat Sardorining xalqimiz oldidagi eng buyuk xizmatlaridan biri ham aynan o‘z yurtiga egalikdan mosuvo bo‘lgan, farovon va yaxshi yashashdan umidini uzgan, kelajakka ishonmay qo‘ygan xalqimizning qaddi-qomatini va sindirilgan milliy g‘ururi tiklanishi, Yangi O‘zbekistonga xos ongi shakllanishi, so‘ngan ruhi ko‘tarilishi, ma’naviy-ma’rifiy qadriyatlar va tarixiy shaxslarga bo‘lgan hurmat-e’tibor qaytarilishi, deb qaralmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi taraqqiyotining yangi bosqichida davlat va jamiyatning har bir sohasida tubdan yangilanish va yuksalishlar bilan bir qatorda milliy davlatchilikni mustahkamlash, mamlakatimiz siyosiy-huquqiy va iqtisodiy-ijtimoiy hayotini barqaror izga tushirish va rivojlantirish bo‘yicha keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, tarixshunoslikda ham ajdodlarimiz tarixini o‘rganish, ularga to‘g‘ri va xolis ilmiy baho berish, shu asosda milliy qadriyatlarimizni tiklash uchun keng yo‘l ochildi. Zero, O‘zbekiston Prezidenti ta’kidlaganidek: “Bizning havas qilsa arziydigan ulug‘ tariximiz bor. Havas qilsa arziydigan ulug‘ ajdodlarimiz bor”.
Amir Temur: «Salom va tinchlik e’lon qilaman!»
Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining hozirgi bosqichida o‘zbek diplomatiyasining qadimgi zamonlardan boshlab bugungi kungacha – mustaqil O‘zbekiston diplomatiyasi shakllanishi va taraqqiy etishigacha bo‘lgan davri atroflicha va tizimli ravishda o‘rganilayotgani juda muhim. Xususan, 2022-yilda chop etilgan “O‘zbekiston diplomatiyasi tarixi” kitobi “O‘zbekiston tarixi” ko‘pjildligining VII jildi hisoblanadi. Kitob Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2018-yil yanvarda O‘zbekiston diplomatlari bilan uchrashuvda aytilgan takliflariga amaliy javobdir.
O‘zbekiston diplomatiyasi tarixi haqida kitob chop etilgani – katta siyosiy voqea. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, “bizning milliy davlatchiligimiz necha ming yillik qadimiy tarix va boy madaniyatga ega. Binobarin, diplomatik munosabatlar ham tariximizning eng chuqur qatlamlariga borib taqaladi. Bu haqiqat nafaqat mamlakatimiz, balki dunyo olimlari tomonidan keng e’tirof etilgan”.
Buyuk ajdodimiz Sohibqiron Amir Temurning eng yorqin fazilatlaridan biri shuki, u zot bundan olti asr avval davlatlararo manfaatli hamkorlikni rivojlantirish, uzoq va yaqin xalqlar o‘rtasida do‘stlik va hamjihatlik rishtalarini mustahkamlash o‘z saltanati istiqbolini ta’minlashning muhim omili ekanini teran anglagan. Shu bois, Yevropa va Osiyoni bog‘lashga xizmat qilgan ulkan ishlarni amalga oshirgan. Bir tomondan – Xitoy, Hindiston, ikkinchi tomondan – Fransiya, Ispaniya, Angliya va boshqa davlatlar bilan aloqa o‘rnatgan va shu munosabatlarni mustahkamlashga intilgan.
Mamlakatimiz olimlari va xorijlik mutaxassislar tomonidan ilmiy asosda e’tirof etilganidek, Amir Temur tarixda o‘z davrining eng mohir diplomati sifatida ham chuqur iz qoldirgan. Sohibqiron buyuk davlat arbobi sifatida o‘z maqsadlariga erishishda diplomatiyaning tinch yo‘li va harbiy tadbirlarni mohirona qo‘shib olib borgan.
Amir Temur barpo etgan buyuk saltanat o‘sha davrdan boshlab nafaqat qo‘shni mamlakatlar va ularning podsholarini, balki uzoq yurtlar hukmdorlarini ham o‘ziga jalb etib kelgan. Tarixiy hujjatlar dalolat berishicha, XIV asrning 70-yillaridanoq Yevropa davlatlari vakillari Movarounnahrga kelib, bu yerdagi yangi, mustaqil davlatning qudrati va salohiyati bilan jiddiy qiziqqanlar.
Sohibqiron ham, o‘z navbatida, ayniqsa, qudratli saltanat shakllangach, o‘sha davrning deyarli barcha yirik davlatlari va ularning hukmdorlari bilan faol diplomatik aloqa o‘rnatgan. Turli davlatlarga o‘z Elchilarini yuborgan, shuningdek, uning huzuriga yo‘llangan xorij Elchilarini qabul qilgan.
Amir Temur Kastiliya va Leon qiroli Don Enrike III (ayrim manbalarda – Ispaniya qiroli Genrix III), Fransiya hukmdori Sharl VI (ayrim manbalarda – Karl VI), Angliya qiroli Genrix IV saroyiga Elchilar yuborgani, o‘z navbatida, ispaniyalik, fransiyalik, angliyalik, xitoylik va boshqa bir qator – jami 20 dan ortiq xorijiy davlat Elchilarini o‘z poytaxti Samarqandda qabul qilgani haqida atroflicha bayon etilgan ko‘plab tarixiy va ilmiy asarlar bu fikrni yaqqol tasdiqlaydi.
Tarixiy manbalarda yozilishicha, 1402-yil 28-iyulda Amir Temur huzurida hozir bo‘lgan Kastiliya va Leon Qiroli Don Enrike III Elchilari safida – Payo de Soto Mayor va Ernan Sanches de Palasuelos ham bor bo‘lgan. Elchilarning qaytish payti kelganida Sohibqiron ikki davlat o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash maqsadida ular bilan birga qobiliyatli beklardan Muhammad Keshiyni ham maktub va sovg‘alar bilan Kastiliyaga Elchi qilib jo‘natadi. Muhammad Keshiy u yerga eson-omon yetib borib, maktub va sovg‘alarni Don Enrike III ga topshiradi.
Ma’lumki, Amir Temur Nasaf va Kesh olimlari, diniy va dunyoviy ilmlardan xabardor, xorijiy tillarni biladigan qobiliyatli shaxslarni o‘z saroyiga ishga jalb etgan. Ular turli lavozimlar qatori Elchilik vazifasini ham ado etishgan. Masalan, Muhammad Keshiy Sohibqironning Elchisi sifatida ma’lum muddat Ispaniyada yashab kelgan bo‘lsa, Mavlono Abdulloh Keshiy Amir Temur tomonidan Misr sultoni Farajga Elchi qilib yuboriladi.
Amir Temur odatda Yevropa mamlakatlariga masihiylik dini peshvolarini Elchi qilib yuborgan. Musulmon diplomatlardan faqat Muhammad Keshiygina Yevropaga borishga muyassar bo‘lgan. Bu ham uning qobiliyatidan, bir necha tillarni, ehtimol, Yevropa tillaridan birini bilganligidan dalolat beradi.
O‘sha davrda Amir Temurning shuhrati butun Yevropaga tarqalgan edi. Shu sababli Muhammad Keshiy Kastiliya Qiroli Don Enrike III huzurida katta hurmat-e’tibor bilan kutib olinadi. U Qirol saroyidagi va yirik zodagonlar qasridagi qabullarda ishtirok etadi. Qirol unga Rui Gonsales de Klavixo boshchiligidagi o‘z Elchilarini qo‘shib, hurmat-ehtirom bilan Samarqandga kuzatib qo‘yadi.
Amir Temur diplomatiyasining o‘ziga xos tomonlaridan biri – u o‘zining barcha murojaatlarida, hatto qat’iy talab shaklida yozilgan nomalarida ham Sharq diplomatiyasi etiketlariga rioya qilgan. Ayrim yurtlar xukmdorlarining qo‘pol shaklda, ba’zi hollarda jahl va jaholat bilan yozilgan nomalariga ham Sohibqiron hamma vaqt o‘z fikrini aniq bayon qilgan holda madaniyat va odob bilan javob qilganini o‘sha davrlardan meros bo‘lib qolgan tarixiy xatlar orqali bilib olish qiyin emas. Amir Temurning Fransiya qiroli Sharl VI ga yo‘llagan maktubida «Salom va tinchlik e’lon qilaman!», degan so‘zlar bitilgani buni yaqqol tasdiqlaydi.
Amir Temurning diplomatik yozishmalari
Amir Temur va Temuriylarning mohirona diplomatik faoliyatiga o‘sha davrdan hozirgacha saqlanib qolgan yozishmalar yaqqol guvohlik beradi. Hozirgi kunda Fransiyaning milliy arxivida 4 ta xat saqlanmoqda:
birinchisi, Amir Temurning Fransiya qiroli Sharl IV ga fors tilida yozgan xatining asl nusxasi;
ikkinchisi, shu xatning arxiyepiskop Ioanning o‘zi yoki uning biron zamondoshi lotin tiliga tarjima qilgan nusxasi;
uchinchisi, Fransiya qiroli Sharl IV ning Amir Temurga lotin tilida yozgan xatining nusxasi;
to‘rtinchisi, Mironshoh Mirzoning Yevropaning uch qiroliga yo‘llagan xatining lotin tiliga tarjima qilingan nusxasi. Uning asl nusxasini Ioann o‘zida saqlagan va keyinchalik Angliya qiroliga ko‘rsatgan.
Amir Temur va Yevropa o‘rtasidagi munosabatlarning sobiq ittifoq davrida o‘rganilishi haqida so‘z borganda, I.Umnyakovning «XV asr boshlarida O‘rta Osiyoning xalqaro munosabatlari. Amir Temurning Vizantiya va Fransiya bilan aloqalari» mavzusidagi maqolasi va boshqa asarlari ancha mazmunli ekanini qayd etish o‘rinlidir.
Amir Temur G‘arbiy Yevropaning olis davlatlari, xususan, Valua dinastiyasi namoyandasi – Fransiya qiroli Sharl VI (1380—1422-yillar) va Angliya qiroli Genrix IV (1399—1413-yillar) bilan ham diplomatik yozishmalar olib borgan. Amir Temur va Sharl VI o‘rtasidagi 1402—1403-yillar yozishmalariga doir dastlabki muxtasar ma’lumotni XIX asr boshlarida yashab o‘tgan fransuz tarixchisi Flossan 1811-yili nashrdan chiqqan tadqiqotida keltirgan.
Amir Temurning Sharl VI ga maktubi forsiy tilda, Sharq hukmdorlarining uslubiga o‘xshamaydigan, noodatiy usulda yozilgan. Maktubda «va’zxon ruhoniy Fransisk» Fransiya qirolidan Amir Temurga maktublar olib kelgani haqida so‘z boradi.
Bilishimizcha, Amir Temur bilan Sharl VI o‘rtasida Kastiliya qiroli Genrix III o‘rtasida bo‘lgani kabi rasmiy Elchilar almashuvi bo‘lmagan. Ayni chog‘da, maktub matnidan shunday mazmun kelib chiqadiki, Amir Temur ilgari ham Fransiyadan maktublar olib turgan. Lekin bu xatlar bizgacha yetib kelmagan.
Mazkur maktubning asl nusxa ekaniga hech qanday shubha yo‘q. Buni xatning ikki joyiga Amir Temurning mo‘jaz muhri bosilgani ham yaqqol tasdiqlaydi. Xatdagi muhrning haqiqatan ham Sohibqironga tegishli ekani aksariyat tarixchilar, shu jumladan, Elchi Klavixo va muarrix ibn Arabshoh tomonidan isbotlangan.
Ahamiyatli jihati shundaki, Klavixo – Amir Temurni ko‘rib, u bilan bevosita suhbatlari asosida xotiralar yozgan sanoqli, ya’ni to‘rt kishidan biri. Bu holat Ibn Arabshoh, Ibn Xaldun, arxiyepiskop Ioann yaratgan xotiralar kabi ispan Elchisi kundaliklarining ham haqqoniyligini yanada oshiradi. Binobarin, haqqoniylik – haqiqat va adolatga eltuvchi yo‘ldir.
Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, “Buyuk sohibqiron Amir Temur bobomiz Oqsaroy peshtoqiga “Adolat – davlatning asosi va hukmdorlar shioridir”, degan hikmatli so‘zlarni yozdirgani bejiz emas, albatta. Ushbu ulug‘vor g‘oya inson qadr-qimmatini oliy darajaga ko‘tarish borasidagi amaliy harakatlarimiz poydevoriga aylandi”.
Parijdagi Milliy kutubxonada Amir Temurning Sharl VI ga yuborgan ikkinchi maktubi saqlanmoqda. Bu xatning lotincha tarjimasi bizgacha yetib kelgan bo‘lib, ilk bor Silvestr de Sasi tomonidan chop etilgan.
Shu bilan birga, Sharl VI tomonidan Amir Temurga yuborilgan maktubning lotincha tarjimasi ham mavjud. Bu Fransiya qirolining Sohibqironga yo‘llagan xatlari orasidan bugungi kungacha saqlanib kelayotgan yagona maktub sifatida alohida qimmatga ega bo‘lgan noyob hujjatdir. Amir Temurning har ikkala maktubiga 1402-yil 1 avgust sanasi qo‘yilgan bo‘lsa, Sharl VI maktubiga 1403-yil 15-iyun sanasi bitilgan.
Amir Temur hazratlarining tashqi siyosati, diplomatik yozishmalari dunyo olimlari, shu jumladan, mamlakatimiz mutaxassislari tomonidan atroflicha o‘rganilgan va o‘rganilmoqda. Bundan bir muddat oldin Fransiyaning taniqli sharqshunos, boburshunos olimi Jan-Lui Bake-Grammon bilan Parijda uchrashganimizda, u menga ruminiyalik tarixchi va turkshunos olim Mariya-Matilda Aleksandresku-Derska xonim qalamiga mansub «Amir Temurning Anatoliyaga yurishi (1402)» nomli kitobining 1942-yilda nashr etilgan nodir nusxasini taqdim etgandi.
Amir Temur maktublari bundan qariyb yetti asr avval yozilganiga qaramay, ulardagi ayrim jihatlar xuddi bugungi kunimizning o‘ta muhim da’vati kabi jaranglab turibdi: dunyo tojirlar bilan obodligi, saltanatning ulug‘vorligi avvalo o‘zga saltanatlar ulug‘vorligini e’tirof etish, rasmiy va g‘ayrirasmiy tafovutlarga qaramay, fuqarolarning izzat-ikromini bajo keltirish, insoniy huquq va erkinliklarga qat’iy amal qilish bilan belgilanishi anglab yetilmokda.
Bundan tashqari, Temuriylarning diplomatik yozishmalariga ashyoviy dalil tariqasida Amir Temur va uning uchinchi o‘g‘li — G‘arbiy Eron, Iroq va Ozarbayjon hokimi Mironshoh Mirzo bilan Fransiya, Angliya, Kastiliya va boshqa mamlakatlar qirollari o‘rtasidagi maktublarni ko‘rsatish mumkin. Ushbu maktublardan ayrimlari Fransiya milliy arxivida, Britaniya muzeyida va Ispaniya arxivlarida saqlanmoqda.
Amir Temur va Temuriylarning diplomatik yozishmalari, birinchidan, Yevropa o‘zidan ancha avval uyg‘ongan Sharqqa hamisha qo‘l cho‘zib kelganini, ikkinchidan, Sharq ham bu o‘lkalar bilan aloqa bog‘lashga, hamkorlik qilishga, savdo-sotiq ishlarini yo‘lga qo‘yishga, e’tiqodiy tafovutlarga qaramasdan tujjorlarni izzatlashga, ularning huquqlarini himoya etishga harakat qilganini yaqqol ko‘rsatib turibdi.
Amir Temur diplomatiyasining ahamiyati
Tarix takrorlanadi. Bashariyat tarixi bo‘laklarga bo‘linmaydi. U yaxlit va yagona, insoniyatning bir-biriga suyanib, bir-birini to‘ldirib va bir-biridan bahra olib davom etuvchi taraqqiyot jarayonidir. Buyuk ipak yo‘li an’analari tiklanib borayotgani bunga yaqqol misol bo‘la oladi.
Sharq va G‘arb olimlari ham insoniyat umumiy tarixini, jumladan, Markaziy Osiyo tarixi, uning ajralmas tarkibiy qismi bo‘lmish Amir Temur va Tyemuriylar sulolasi tarixini yaqin hamkorlikda yaratmoqlari lozim. Bu tarixni umuminsoniy qadriyatlar nuqtayi nazaridan kelib chiqqan holda yozishda saqlanib qolgan tarixiy manbalardan, diplomatik yozishmalardan foydalanish nihoyatda katta ahamiyat kasb etadi.
Amir Temur nomi, ulug‘ Sohibqiron siymosi xalqimizni birlashtirishda, jipslashtirishda, iymon-oqibatli bo‘lishda, madaniy-ma’rifiy ildizlarimizni chuqur anglashda, qudratli kelajagimizni qurishda bizga yangi-yangi kuch-quvvat va shijoat bag‘ishlab turibdi.
Shu ma’noda, bugungi kunda Toshkent, Samarqand, Shahrisabz shaharlarida Amir Temur haykallari o‘rnatilgani, Temuriylar tarixi davlat muzeyi hamda Xalqaro Amir Temur jamoat fondining faoliyati yo‘lga qo‘yilgani, Amir Temur ordeni ta’sis qilingani, yurtimizdagi ko‘plab ko‘cha va xiyobonlarga ulug‘ ajdodimiz nomi berilgani bugun har birimizga cheksiz faxr va iftixor tuyg‘usini baxsh etadi.
Davlatimiz rahbari ta’biri bilan aytganda, “Mustabid tuzum tomonidan nohaq qoralab kelingan bu ulug‘ zotning muborak nomi va xotirasi mustaqillik yillarida tarixiy adolat asosida qayta tiklandi. Sohibqiron Amir Temur siymosi milliy davlatchiligimiz timsoliga aylanib, o‘zlikni anglash, an’ana va qadriyatlarimizni tiklash borasida xalqimizga ulkan ma’naviy kuch bag‘ishlab kelmoqda”.
Xulosa qilib aytganda, Yangi O‘zbekiston yer yuzidagi ko‘plab mamlakatlar bilan turli sohalarda o‘zaro manfaatli aloqalarni keng yo‘lga qo‘ydi. Mamlakatimiz mintaqaviy hamda xalqaro xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash, hamkorlikning barcha shakllarini rivojlantirish yo‘lida izchillik va qat’iyat bilan odimlamoqda. Bu yo‘lda bizga buyuk ajdodlar, ayniqsa, Amir Temur merosi doim hamrohdir.
Akmal SAIDOV,
akademik
«Xalq so‘zi» gazetasining 2026-yil 28-mart kungi 60 (9231)-soni
Ўзбекча
English
Русский