Qoraqalpog‘istonda “Media haftalik” boshlandi
Avvalroq mamlakatimiz axborot makonida yilning eng yirik ta’limiy-amaliy voqeligi — butun respublikani qamrab oluvchi “Media haftalik” loyihasi o‘tkazilishi haqida xabar berilgan edi. Bugun, 30-mart kuni ushbu haftalik Qoraqalpog‘iston Respublikasida o‘z ishini boshladi.
Orolbo‘yi hududida start olgan ilk haftalik doirasida qatnashchilar zamonaviy media muhitidagi dolzarb masalalar yuzasidan ko‘nikmalarini oshiradi.
Mashg‘ulotlar samaradorligini ta’minlash hamda har bir kasbiy yo‘nalishlar kesimida chuqurlashtirilgan va ixtisoslashgan bilimlarni berish maqsadida, o‘quv-seminarlar sessiyalarga bo‘lingan holda tashkil etilmoqda.
Dastur kontent yaratish, matnli va vizual formatlar hamda janrlarning qo‘llanishi, axborot xavfsizligi, strategik kommunikatsiya, media menejment, SMM hamda sun’iy intellektdan foydalanish kabi ko‘plab muhim mavzularni qamrab oladi.
Trening va mahorat darslari davomida ishtirokchilar nafaqat nazariy bilimlarni, balki real keyslar asosida ishlash, xatolarni tahlil qilish, yangi yondashuvlarni shakllantirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Tadbirda ilg‘or ekspertlar, amaliyotchi jurnalistlar, muharrirlar, prodyuserlar hamda mutaxassislar spiker sifatida qatnashmoqda. Ular o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashib, zamonaviy media rivojining ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha tavsiyalar beradi.
“Media haftalik”ning muhim jihati — ishtirokchilarga alohida e’tibor qaratilgani bilan ajralib turadi. Tadbir davomida o‘nlab intervyular, ochiq muloqotlar va fikr almashinuvlar tashkil etilib, ishtirokchilarning o‘zlari media sohasidagi muammolar, kutilayotgan natijalar va erishilgan yutuqlar haqida fikr bildiradi. Bu esa loyiha samaradorligini yanada oshirib, real natijalarni namoyon etishga xizmat qiladi.
Haftalik doirasida quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha maxsus sessiyalar tashkil etilgan:
-
bosma va internet nashrlari jurnalistlari,
-
telejurnalistlar va operatorlar,
-
davlat organlari matbuot kotiblari,
-
blogerlar va kontent yaratuvchilar,
-
mobilograflar va SMM mutaxassislari.
Shuningdek, davlat organlarining ochiqligi, jamoatchilik bilan samarali muloqot o‘rnatish hamda axborot siyosatini takomillashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratiladi.
Haftalik yakunida Media forum tashkil etilib, unda tadbir natijalari sarhisob qilinadi.
Rasmiy axborot
Ўзбекча
English
Русский