Byudjet xarajatlarining huquqiy tahlili

Byudjet siyosatiga inson huquqlariga asoslangan yondashuvni joriy etish mavzusidagi uch kunlik seminarning ikkinchi kuni doirasida asosiy e’tibor byudjet xarajatlarini iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar nuqtayi nazaridan tahlil qilish metodologiyalarini amaliyotda qo‘llashga qaratildi.

Sessiya avvalgi kunning asosiy xulosalarini ko‘rib chiqish bilan boshlanib, byudjet xarajatlarini inson huquqlari nuqtayi nazaridan baholash vositalarini chuqur o‘rganish bilan davom etdi. Sog‘liqni saqlash, ta’lim olish va yetarli darajada uy-joyga ega bo‘lish kabi ustuvor huquqlar kesimida byudjet ajratmalarini tahlil qilishga alohida e’tibor qaratildi.

BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasi eksperti Igor Grishko byudjet siyosati davlatlarning inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlariga qay darajada mos kelishini baholash imkonini beruvchi zamonaviy yondashuvlar va uslubiyotlarni taqdim etdi. Bular qatorida resurslarni taqsimlashning yetarlilik, samaradorlik va kamsitmaslik mezonlari ham bor.

Kunning amaliy qismi ishtirokchilarning guruhlarda ishlashini o‘z ichiga oldi va bu jarayonda byudjet xarajatlariga oid real misollar ko‘rib chiqildi. Ishtirokchilar taqdim etilgan vositalar yordamida tahlil o‘tkazdilar, bu esa byudjet siyosatini inson huquqlari prizmasi orqali baholash bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirishga xizmat qildi.

Kunning ikkinchi yarmida sog‘lom atrof-muhit huquqi kontekstida byudjetlashtirish tahliliga e’tibor qaratildi. Tegishli uslubiy yondashuvlar ko‘rib chiqilib, byudjet qarorlarining ekologik va ijtimoiy ta’sirini baholashga qaratilgan amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi.

Muhokamalar yakunida byudjetni rejalashtirish va ijro etish jarayonlariga huquqni himoya qilish yondashuvlarini integratsiya qilishning ahamiyati ortib borayotgani ta’kidlandi. Shuningdek, shaffoflik va fuqarolar ishtirokini ta’minlaydigan institutsional mexanizmlarni, jumladan, “Tashabbusli byudjet” kabi vositalarni yanada rivojlantirish zarurligi qayd etildi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech