Qozog‘iston delegatsiyasi “G‘alaba bog‘i”  yodgorlik majmuasini ziyorat qildi

13-may kuni “Xitoy – Markaziy Osiyo” inson huquqlarini rivojlantirish forumi ishtirokchilari – Qozog‘iston Respublikasi delegatsiyasi vakillari Toshkent shahridagi “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasiga tashrif buyurdi. Joriy yil 14-may kuni poytaxtimizda bo‘lib o‘tadigan mazkur nufuzli xalqaro anjumanda Xitoy, O‘zbekiston, Qozog‘iston bilan bir qatorda Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston delegatsiyalari ham ishtirok etadi.

“G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi va g‘oyalari, xalqimizning  bunyodkorlik  salohiyati  negizida 2020-yili bunyod etilgan. Ushbu  betakror  majmuani qurishdek ezgu tashabbus zamirida xalqimizning beayov jang maydonlarida va front ortida ko‘rsatgan beqiyos jasorati va matonatini tarix sahifalariga muhrlash, yosh avlodimizni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalab, kamol toptirish maqsadi o‘z mujassamini topgan.

“G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasi timsolida tinchliksevarlik va insonparvarlikning o‘zbekona falsafasi amalda yorqin namoyon bo‘lgan. Xalqona tinchlikparvar siyosatga bunday yangicha, bunyodkorona yondashuv, ta’bir joiz bo‘lsa, Yangi O‘zbekistonning shiddatli islohotlariga xos muhim xususiyat hamdir.

Mehmonlar majmua hududida yaratilgan tarixiy ekspozitsiyalar, memorial obyektlar hamda Ikkinchi jahon urushi yillarida o‘zbek xalqining jasorati va fidoyiligini aks ettiruvchi loyihalar bilan yaqindan tanishdilar. Ikkinchi jahon urushi yillarida O‘zbekiston xalqining front va front ortidagi mardonavor mehnati, urush tufayli yurtimizga evakuatsiya qilingan minglab insonlarni bag‘rikenglik bilan qabul qilgani hamda g‘alabaga qo‘shgan ulkan hissasi haqida ham ma’lumot berildi.

Qozog‘iston delegatsiyasi vakillari “G‘alaba bog‘i”da yaratilgan sharoitlar, tarixiy ekspozitsiyalarning mazmuni va majmuaning zamonaviy yechimlar asosida tashkil etilganini yuqori baholab, bunday maskanlar xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va tarixiy xotirani mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladilar.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

 

Powered by GSpeech