Toshkentda “Xitoy – Markaziy Osiyo” inson huquqlari boʻyicha forum boʻlib oʻtdi

Insoniyat taqdiri va taraqqiyotiga daxldor dolzarb masalalar muhokama qilingan forumda muhim tashabbuslar ilgari surilib, ularni amaliy hayotga tatbiq etish yoʻlida oʻzaro muloqot va hamkorlik uchun muhim maydon yaratildi.

Azim va navqiron poytaxtimiz — non shahri deya eʼzozlanuvchi Toshkent yana bir nufuzli xalqaro anjumanga mezbonlik qildi. Insoniyat taqdiri va taraqqiyotiga daxldor dolzarb masalalar muhokama qilingan forumda muhim tashabbuslar ilgari surilib, ularni amaliy hayotga tatbiq etish yoʻlida oʻzaro muloqot va hamkorlik uchun muhim maydon yaratildi. “Xitoy – Markaziy Osiyo” inson huquqlarini rivojlantirish boʻyicha 2026-yil forumi boʻlib oʻtdi. Anjuman Xitoyning Inson huquqlarini rivojlantirish jamgʻarmasi (CFHRD) hamda Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi hamkorligida tashkil etildi.

Forum “Yuqori sifatli rivojlanish orqali inson huquqlari sohasidagi taraqqiyotni birgalikda ilgari surish” mavzusiga bagʻishlandi. Unda Xitoy, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston va Oʻzbekistondan inson huquqlari sohasi ekspertlari, davlat idoralari vakillari, ilmiy va ishbilarmon doiralar, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Spikerlar, ekspertlar va tadbir ishtirokchilari Xitoy va Markaziy Osiyoning besh davlati rivojlanayotgan mamlakatlar sifatida taraqqiyot va inson huquqlarini taʼminlash masalalarida mushtarak qarashlarga egaligini qayd etdilar.

Gallery 1

Gallery 2
Gallery 3
Gallery 4
Gallery 5
Gallery 6
Gallery 7
Gallery 8
Gallery 9
Gallery 10

Forumning ochilish marosimida Inson huquqlarini rivojlantirish boʻyicha Xitoy jamgʻarmasi vitse-prezidenti va bosh kotibi Li Xunkuy, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov, Xitoy Xalq Respublikasining Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Yuy Szyun, Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori Javlon Vahobov, “Markaziy Osiyo – Xitoy” formati kotibiyati bosh kotibi oʻrinbosari Samadi Shoxin, Qozogʻiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining alohida topshiriqlar boʻyicha elchisi Alua Nadirkulova ishtirok etib, forum ishiga muvaffaqiyat tiladi.

— “Xitoy – Markaziy Osiyo” inson huquqlarini rivojlantirish boʻyicha toʻrtinchi forumi BMTning Taraqqiyot huquqi toʻgʻrisidagi deklaratsiyasi qabul qilinganining 40-yilligi va Global rivojlanish tashabbusining 5-yilligi nishonlanayotgan 2026-yilda oʻtkazilayotgani alohida ahamiyatga ega, — deydi Milliy markaz direktori Akmal Saidov. — Yanada ahamiyatlisi, Toshkent forumi aynan “Xitoy – Markaziy Osiyo” hamkorligi sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarilgan muhim davrga toʻgʻri kelayotganidir.

Forum doirasida Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi hamda Xitoyning Inson huquqlarini rivojlantirish jamgʻarmasi oʻrtasida oʻzaro anglashuv memorandumi imzolandi.

Memorandumda tomonlarning doʻstona munosabatlarni yanada mustahkamlash, inson huquqlari sohasida tajriba almashish va hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasida inson huquqlarini rivojlantirishga qaratilgan qoʻshma tashabbuslarni ilgari surish istagi oʻz ifodasini topgan.

Yalpi majlisda inson huquqlari sohasida Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasidagi hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari muhokama qilindi. Olti davlatning yetakchi ekspertlari inson huquqlari, ijtimoiy taraqqiyot, ekologik xavfsizlik va raqamli texnologiyalar sohasidagi zamonaviy yondashuvlar boʻyicha maʼruzalar qildi.

Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasi rektori Sherzod Abduqodirov, Xitoy Ijtimoiy fanlar akademiyasi Xalqaro huquq instituti direktori Lyu Xuaven, Qozogʻiston Respublikasi Inson huquqlari boʻyicha Milliy markazi fuqarolik va siyosiy huquqlar boʻlimi mudiri Viktor Tixonov, Qirgʻiziston Respublikasi Ombudsmani instituti vakili Emilbek Ajibekov, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti direktori Murodjon Turgʻunov, Pekin politexnika universiteti professori Si Yanpin, Tojikiston Prezidenti Ijro etuvchi apparati vakili Parviz Olimzoda, Turkmaniston Davlat, huquq va demokratiya instituti xodimi Dovlat Amanmiradov hamda Uxan universiteti yuridik fakulteti dekani Sin Tyanbao oʻz fikr-mulohazalarini bildirdi.

Shuningdek, muhokamalar uchta panel sessiyasida davom ettirildi. Ularda kambagʻallikni qisqartirish, aholi farovonligini oshirish, ekologiyani muhofaza qilish, “yashil” taraqqiyotni qoʻllab-quvvatlash, raqamli intellektual texnologiyalarni rivojlantirish orqali inson huquqlarini taʼminlash masalalari muhokama qilindi.

— Ushbu forum uchun “Yuqori sifatli rivojlanish orqali inson huquqlari taraqqiyotiga koʻmaklashish” mavzusini bejiz tanlamadik. Bu gʻoya Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlarining hamkorlik orqali taraqqiy etish, rivojlanish orqali esa inson huquqlarini taʼminlash tamoyiliga qatʼiy sodiq ekanini ifoda etadi, — deydi Inson huquqlarini rivojlantirish boʻyicha Xitoy jamgʻarmasi vitse-prezidenti, bosh kotibi Li Xunkuy. — Xitoy Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun modernizatsiya yoʻlida ishonchli va hamfikr hamkor hisoblanadi. Inson huquqlarini rivojlantirish borasidagi yondashuvlar va ularni amalga oshirish mexanizmlarida ham mamlakatlarimiz oʻrtasida koʻplab oʻxshash va yaqin jihatlar mavjud.

Forum qatnashchilari inson huquqlarini samarali taʼminlashda aholi farovonligini oshirish, raqamli boshqaruvni takomillashtirish va “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish muhim omil ekanini taʼkidladilar. Shuningdek, mazkur sohalardagi ilgʻor tajribalar va amaliy yondashuvlar yuzasidan fikr almashildi.

Anjuman yakunida “Xitoy – Markaziy Osiyo” inson huquqlarini rivojlantirish forumining “Toshkent tashabbusi” deb nomlangan yakuniy hujjati qabul qilinib, uning taqdimoti oʻtkazildi.

Ulugʻbek ROʻZIMATOV,
“Xalq soʻzi”.

Powered by GSpeech