Bugun mamlakatimiz bo‘ylab “Avtomobilsiz kun” aksiyasi o‘tkazilmoqda
25-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Atmosfera havosi sifatini yaxshilashga qaratilgan “Toza havo” umummilliy loyihasini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, yurtimizning barcha hududlarida “Avtomobilsiz kun” aksiyasi o‘tkazilmoqda.
Farmon bilan, 2026-yil 1-may kunidan boshlab har oyning 10 va 25-sanalarida “Avtomobilsiz kun” va “Avtomobilsiz hafta” aksiyalari o‘tkazib borilishi belgilangan.
Hujjatga ko‘ra, davlat tashkilotlari va idoralari xodimlari tomonidan aksiya o‘tkaziladigan kunlarda xizmat avtotransport vositalaridan foydalanish qat’iyan taqiqlanadi va ushbu sanalar ish kunlariga to‘g‘ri kelganda haydovchilarning ish haqi saqlab qolinadi.
Aksiyani yuqori saviyada tashkil etish va muvofiqlashtirish bo‘yicha Maxsus komissiyaning tegishli bayoni qabul qilindi. Unga muvofiq, davlat fuqarolik xizmatchilari tomonidan “Avtomobilsiz kun” va “Avtomobilsiz hafta” aksiyasi doirasida xizmat avtotransport vositalaridan foydalanish mazkur xodimlar tomonidan odob-axloq (etika) qoidalarining buzilishiga tenglashtirildi.
Belgilangan talablarga rioya etmaslik davlat organlari va tashkilotlari rahbarlariga ular rahbarlik qilayotgan tashkilotlarda faoliyat yuritayotgan davlat fuqarolik xizmatchilarini intizomiy javobgarlikka tortish uchun asos bo‘ladi.
Ekoqo‘mita barcha davlat tashkilotlari xodimlari va fuqarolardan ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlash va unda faol ishtirok etish, atrof-muhit musaffoligini ta’minlash va yurtimizda sog‘lom ekologik muhitni shakllantirishga munosib hissa qo‘shishni so‘ramoqda.
Shunday qilib, bugun davlat tashkilot va idoralari xodimlarining xizmat avtomashinalaridan foydalanishi taqiqlanadi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
Ўзбекча
English
Русский