O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasida inson huquqlari sohasidagi sheriklikni rivojlantirish yo‘lida
O‘zbekiston va Turkmaniston inson huquqlari sohasidagi sheriklikni chuqurlashtirishga intilmoqda. Buni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida Turkmaniston delegatsiyasi bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv yana bir bor tasdiqladi.
Milliy markaz direktori, akademik Akmal Saidov joriy yilning 14-may kuni Turkmaniston Davlat, huquq va demokratiya institutining Demokratik masalalar va xalqaro munosabatlar bo‘limi katta ilmiy xodimi Dovlet Amanmiradov hamda Turkmaniston Ombudsmani devonining Xususiy sektorda inson huquqlarini himoya qilish masalalari bo‘limi bosh maslahatchisi Allanur Kadirovdan iborat delegatsiya a’zolari bilan ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazdi.
Turkmaniston Respublikasi delegatsiyasi Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan inson huquqlarini rivojlantirishga bag‘ishlangan “Xitoy – Markaziy Osiyo – 2026” forumida ishtirok etish uchun O‘zbekistonga tashrif buyurdi.
Suhbat avvalida A. Saidov Turkmaniston delegatsiyasini samimiy qutlab, inson huquqlari sohasidagi ikki tomonlama hamkorlik izchil mustahkamlanib borayotganidan mamnun ekanini bildirdi. O‘zbekiston bilan Turkmaniston umumiy tarix, madaniyat va ma’naviy qadriyatlar birlashtirib turgan qardosh davlatlar ekani alohida ta’kidlandi. Bu mustahkam qardoshlik rishtalari ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklikni rivojlantirish uchun ishonchli zamin bo‘lib xizmat qiladi.
D. Amanmiradov Turkmaniston delegatsiyasi nomidan iliq kutib olingani va Forum yuqori darajada tashkil etilgani uchun samimiy minnatdorlik bildirdi. Uning ta’kidlashicha, inson huquqlarini rivojlantirishga bag‘ishlangan “Xitoy – Markaziy Osiyo – 2026” forumi mintaqada inson huquqlarini ta’minlash va ro‘yobga chiqarish borasidagi dolzarb masalalarni muhokama qilish uchun muhim va zarur maydondir.
O‘z navbatida, A. Qodirov inson huquqlarini himoya qilish sohasida tajriba va ilg‘or amaliyotlar almashish uchun bu kabi forumlarning ahamiyatini alohida qayd etdi. Ikki davlatning vakolatli muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash zarurligini ta’kidladi.
Uchrashuv davomida tomonlar inson huquqlari sohasidagi ikki tomonlama va mintaqaviy hamkorlikni yanada rivojlantirishga oid keng ko‘lamli masalalar yuzasidan fikr almashdilar. O‘zaro hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan bir qator amaliy takliflar ko‘rib chiqildi. Xususan, A. Saidov bo‘lib o‘tgan muloqot natijalarini yanada kengroq yoyish maqsadida uchrashuv ishtirokchilarining ma’ruzalarini Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi jurnalida ikki tilda nashr etishni taklif qildi.
Uchrashuv O‘zbekiston va Turkmanistonning inson huquqlari sohasidagi sheriklikni chuqurlashtirishga o‘zaro intilishini tasdiqladi hamda tomonlar Markaziy Osiyoda samarali mintaqaviy hamkorlik mexanizmini shakllantirishdan birdek manfaatdor ekanini ko‘rsatdi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
Ўзбекча
English
Русский