Aholi murojaatlari bo‘yicha sayyor qabul va jonli muloqotlar

19-22-may kunlari Andijon viloyatining Asaka va Shahrixon tumanlarida aholi bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Uchrashuvlarda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi Jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlash bo‘limi mas’ul xodimlari qatnashdilar.

Ushbu jonli muloqotlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 10-dekabrdagi  qarori talablari va Milliy markazning 2026-yilgi ish rejasi doirasida tashkil etildi.

Uchrashuvlar, xususan, Asaka tumani hokimligi, prokuratura, adliya bo‘limi, kadastr agentligi, qishloq xo‘jaligi bo‘limi, arxitektura, Davlat soliq inspeksiyasi va Davlat xizmatlari markazi xodimlari bilan hamkorlikda tuman prokuraturasi binosida va Amir Temur, “Fidokor”, “Gumbaz” hamda “Do‘stlik” mahallalarida o‘tkazildi.

Yana bir turkum uchrashuvlar Shahrixon tumani hokimligi, prokuraturasi, adliya va qishloq xo‘jaligi bo‘limlari, kadastr agentligi, arxitektura hamda Davlat xizmatlari markazi xodimlari bilan hamkorlikda adliya bo‘limi binosida, “Dorilomon”, “Guliston”, “Naynavo”, “Paxtaobod”, “Nazarmahram” va “Abdubiy” mahallalarida bo‘lib o‘tdi.

Muloqotlarda mahalliy, hududiy idoralar vakillari va mas’ul xodimlari hamda 107 nafardan ortiq fuqaro qatnashdi.

Uchrashuvlarda yangi tahrirdagi O‘zbekiston Konstitutsiyasi, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risidagi qonunchilikning mohiyati hamda ahamiyati haqida so‘z bordi. Ayniqsa, yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirishga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ko‘tarilgan dolzarb masalalar va mutasaddi rahbarlarga berilgan topshiriqlar borasida atroflicha fikr yuritildi.

Muloqot asnosida murojaatlar bilan ishlashga doir qonun hujjatlari ijrosini ta’minlashga va nazorat qilishga mas’ul idoralar, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi faoliyati bo‘yicha ham tushunchalar berildi.

Shundan so‘ng, fuqarolar bilan sayyor qabul tashkil etildi. Bunda bir guruh fuqarolarning turli masalalar yuzasidan murojaatlari tinglandi va ularga huquqiy maslahatlar berildi. 

 

Otabek NORBOYEV,

Milliy markazning Jismoniy va yuridik shaxslar

murojaatlari bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i

Powered by GSpeech