Andijonda profilaktika inspektorlari uchun tashkil etilgan ikki kunlik seminar-trening o‘z nihoyasiga yetdi

27-iyun kuni Andijon shahrida ichki ishlar organlari huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha mahalla fuqarolar yig‘inlari profilaktika inspektorlari uchun tashkil etilgan “Xalqaro standartlar va milliy qonunchilik” mavzusidagi ikki kunlik seminar-trening o‘z ishini yakunladi.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi hamda Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan ushbu tadbirning ikkinchi kuni ham yuqori saviyada o‘tdi. Trening davomida ishtirokchilar tomonidan inson huquqlarini himoya qilishning xalqaro mexanizmlari, xalqaro shartnomalar normalarini milliy qonunchilikka moslashtirish masalalari, shuningdek, O‘zbekiston Prezidentining “Mahalla boshqaruvini samarali tashkil etishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni yuzasidan amaliy tavsiyalar ishlab chiqildi.

Seminar-trening ishtirokchilar uchun Milliy markaz direktorining birinchi o‘rinbosari Mirzatilla Tillaboyev tomonidan “Inson huquqlari sohasidagi xalqaro va milliy standartlar”; Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi dotsenti Umid Fozilov tomonidan “Bola huquqlari bo‘yicha xalqaro va milliy standartlar”; Milliy markaz bo‘lim boshlig‘i Iqbolbek Abdumajidov tomonidan “Qiynoqlar va shafqatsiz muomalaning oldini olishning xalqaro-huquqiy va milliy normativ asoslari”; Milliy markaz bosh mutaxassisi Husniddin Xolmamatov tomonidan “Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya va uning profilaktika inspektorlari faoliyatidagi ahamiyati” mavzularida ma’ruzalar taqdim etildi.

Tadbirda huquqbuzarliklar profilaktikasini samarali tashkil etish, jamoat tartibini saqlash va fuqarolar bilan manzilli ishlashda faollik ko‘rsatgan 13 nafar MFY profilaktika inspektori faxriy yorliq bilan taqdirlandi. Ularga Milliy markaz tomonidan nashr etilgan huquqiy adabiyotlar topshirildi.

Tadbir davomida olingan bilim va ko‘nikmalar profilaktika inspektorlarining kundalik faoliyatida inson huquqlariga hurmat va qonuniylik tamoyillarini mustahkamlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech