“Inson huquqlari himoyasi uchun” ko‘krak nishoni sohibi Remko Reyding – 50 yoshda
1976-yil 7-iyul – niderlandiyalik jurnalist,
yozuvchi va tarixnavis Remko Reyding tug‘ilgan kun
Niderlandiyalik taniqli jurnalist, tarixchi-tadqiqotchi va yozuvchi Remko Reyding 50 yoshga to‘ldi. U 1976-yil 7-iyulda Niderlandiyaning Amersfort shahrida tug‘ilgan.
Remko Reyding nomi yurtdoshlarimizga yaxshi tanish va juda qadrlidir. Chunki u Ikkinchi jahon urushi davrida Smolenskdagi qaqshatqich janglarda mardlarcha kurashgan va asirga olinib, fashistlarning Niderlandiyadagi “Amersfort” konslageriga tashlangan 101 nafar o‘zbek askarining achchiq qismati haqida birinchilardan bo‘lib bong urgan fidoyi ijodkor hisoblanadi.
Gap shundaki, Remko Reydingning hayoti 1998-yilda, 22 yoshida butunlay o‘zgarib ketadi. O‘sha davrda jurnalistika fakulteti talabasi bo‘lgan bu yigit o‘z ona shahri yaqinidagi Leusden (Ryustxof) qabristonida unutilib ketgan "Shon-sharaf maydoni" (Soviet War Cemetery) borligini bilib qoladi. U yerda dafn etilgan 865 nafar askarning shaxsini aniqlash va ularning oilalarini topish istagi navqiron jurnalist hayotining bosh maqsadiga aylanadi.
Remko Reyding 2010-yilda maxsus jamg‘arma tuzib, uni "Shon-sharaf maydoni" fondi deb nomlaydi. Shu tariqa yangi Fond asoschisi urush qurbonlari xotirasini tiklash bo‘yicha tizimli ishlarni boshlab yuboradi.
Uning 25-yildan ortiq vaqt davomida olib borgan izlanishlari natijasida 250 dan ortiq askarning shaxsi aniqlanadi. Remko ularning yaqinlarini topib, Niderlandiyadagi qabrlarini ziyorat qilishlarini tashkillashtiradi.
Keyinchalik Remko Leusden shahrida "Soviet War Cemetery Experience" muzeyini tashkil etadi. Bu muzey Ikkinchi jahon urushi qurbonlari, jumladan, o‘zbek o‘g‘lonlarining ko‘rsatgan jasoratiga bag‘ishlangan.
Niderlandiya zaminida xoklari yotgan 101 nafar o‘zbek jangchisi 1941-yilda fashistlar tomonidan asirga olingan va 1942-yil 9-aprelda qatl etilgan. Aynan Remko Reyding tashabbusi va sa’y-harakatlari bilan "Shon-sharaf maydoni" fondi har yili shu qayg‘uli sanada sobiq “Amersfort” konslagerining yurtdoshlarimiz otib tashlangan maydonida xotira tadbiri o‘tkazib keladi.
Remko Reyding hozirgi vaqtda Niderlandiyaning “Shon-sharaf maydoni” fondi boshqaruvi raisi lavozimida ishlaydi. Mazkur yodgorlik majmuasi Amersfort shahrining “Rastxof” qabristoniga tutash hududda joylashgan bo‘lib, bu yerda 865 nafar sovet askari, jumladan, 101 nafar o‘zbek jangchisi dafn etilgan.
R.Reyding ana shu qurbonlarning shaxsini aniqlashtirish uchun izchil izlanishlar olib bormoqda. Xususan, R.Reyding 2021-yilda o‘zbekistonlik jangchilarga taalluqli ekani taxmin qilingan bir qancha tarixiy hujjatlarni topishga muvaffaq bo‘lgan.
R.Reyding Ikkinchi jahon urushining o‘zbekistonlik 101 nafar qahramoni va qurboni taqdirini chuqur o‘rganib, shu qayg‘uli va ibratli voqea tafsilotlari haqida “Shon-sharaf maydoni bolalari” nomli kitob ham yozgan.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik Akmal Saidov 2022-yil yanvarida Bryusselda taniqli jurnalist va adib Remko Reyding bilan uchrashuvi chog‘ida qattol urushning o‘zbekistonlik 101 nafar qahramoni va qurboni taqdirini chuqur o‘rgangani hamda ana shu qayg‘uli va ibratli voqea tafsilotlari haqida alohida kitob yozgani uchun unga chuqur minnatdorchilik izhor etgandi.
Ushbu muloqot asnosida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2020-yili Toshkent shahrida ochilgan “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasi tarkibida 101 nafar o‘zbek jangchisi xotirasiga bag‘ishlab “Konslager” yodgorligi bunyod etilgani ta’kidlandi. Shuningdek, “Shon-sharaf” davlat muzeyida, R.Reyding to‘plagan tarixiy dalil va hujjatlardan foydalangan holda, ayni mavzuni yoritishga qaratilgan maxsus pavilon ishlab turibdi.
Niderlandiyalik madaniyat arbobi B.Charlak 2021-yilda “O‘zbekiston – Buyuk Ipak yo‘lining gavhari” nomli kitobini nashr ettirdi. Ushbu kitobda ham 101 nafar o‘zbek askarining achchiq qismati haqida R.Reyding taqdim etgan tarixiy ma’lumotlar qayd etilgan.
G‘alabaning 75-yilligiga bag‘ishlab o‘zbek kinoijodkorlari tomonidan millatimizning go‘zal siyratini, azaliy odobi va insonparvarlik fazilatlarini teran ochib beradigan ushbu hayotiy qissa asosida “101” nomli badiiy film tasvirga olingan. Bu haqda kitoblar chop etildi, ommaviy axborot vositalarida atroflicha ma’lumotlar e’lon qilindi.
R.Reyding urush qurbonlari xotirasini tiklash, ularning shaxsini aniqlash, qarindoshlarini topish borasida amalga oshirayotgan ezgu faoliyat milliy va xalqaro darajada yuqori baholangan. Xususan, u 2023-yilda O‘zbekiston tomonidan – “Inson huquqlari himoyasi uchun” ko‘krak nishoni bilan mukofotlangan. Ushbu nishon o‘z sohibiga Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori nomidan tantanali ravishda taqdim etilgan.
Bunga qadar Remko Reyding urush qurbonlari xotirasini tiklashdagi ulkan xizmatlari uchun 2014-yilda Niderlandiyaning “Oranj-Nassau Ordeni ritsari” unvoni bilan taqdirlangan. Lyosden shahri (Niderlandiya) meriyasi 2019-yilda R.Reydingni jamiyat oldidagi xizmatlari uchun Anni de Boforspeld ko‘krak nishoni bilan mukofotlagan. Shuningdek, 2023-yili unga Barselonada Xalqaro qarshilik ko‘rsatish jangchilari federatsiyasi (FIR) tomonidan Mishel Vanderborg mukofoti topshirilgan.
R.Reyding O‘zbekistonga bir necha bor kelgan va Ikkinchi jahon urushi davridagi o‘zbek jangchilari jasoratiga bag‘ishlab tashkil etilgan tadbirlarda qatnashgan. Ayniqsa, “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasi bunyod etilganidan keyingi davrda yurtimizga tashrif buyurib, ommaviy axborot vositalarida ushbu tarixiy majmuadan olgan taassurotlarini samimiy izhor etgani e’tiborlidir.
Remko Reyding bugungi kunda ham urushda halok bo‘lgan askarlarning ism-shariflarini to‘liq tiklash va ularning avlodlarini topish yo‘lidagi insonparvarlik missiyasini faol davom ettirmoqda. R.Reydingning Niderlandiya tuprog‘ida dafn etilgan o‘zbek jangchilari qabrlarini obod qilish tashabbusi, bir tomondan, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga mos bo‘lsa, ikkinchi tomondan, Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan inson qadrini ta’minlash borasidagi davlat siyosatiga to‘liq javob beradi.
Muxtasar aytganda, inson qadrini joyiga qo‘yish yo‘lidagi ulkan xizmatlari, xususan, Niderlandiya zaminida fashizm qurboniga aylangan o‘zbek jangchilari shaxsini aniqlash yo‘lida ko‘rsatgan fidoyiligi va yurtdoshlarimiz xotirasiga nisbatan yuksak hurmat-ehtiromi uchun Remko Reyding har qancha tahsinu e’tirofimizga munosib.
G‘ulom MIRZO
Ўзбекча
English
Русский