Xorijdagi vatandoshimiz murojaati ijobiy hal etildi

 Mamlakatimizning Belarusdagi elchixonasi vakillari ushbu davlatdagi hamyurtimiz R.R.ning murojaatidan so‘ng, uning yaqinda tug‘ilgan farzandini O‘zbekistonga qaytarishga ko‘maklashdi. Bu haqda “Dunyo” AA muxbiri xabar berdi.

Gap shundaki, joriy yil may oyida MDH Inson huquqlari bo‘yicha komissiyasining xalqaro anjumanidagi ishtiroki doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi Belarus IIV JIDga qarashli Tergov hibsxonasi va Mahkumlar uchun respublika shifoxonasini borib ko‘rgandi. Bu tadbirda MDH Inson huquqlari bo‘yicha komissiyasi a’zosi, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Milliy markazi direktorining birinchi o‘rinbosari Mirzatilla Tillaboyev, Ombudsman devonining yetakchi maslahatchisi Doniyor To‘rayev, mamlakatimizning Minsk shahridagi konsuli Nodir O‘sarov hamda MDH Inson huquqlari bo‘yicha komissiyasi raisi Yevgeniya Paramonova ishtirok etgandi.

O‘shanda penitensiar muassasada saqlanayotgan O‘zbekiston fuqarolari bilan uchrashuv o‘tkazish, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishi masalalarini o‘rganish hamda zarur konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatish masalalari asosiy diqqat markazida bo‘ldi.

Tashrif chog‘ida tergov hibsxonasida saqlanayotgan O‘zbekiston fuqarolari bilan suhbat o‘tkazildi. Ularga o‘z huquqlarini ro‘yobga chiqarish, vakolatli organlarga murojaat qilish imkoniyatlari hamda konsullik muassasasi bilan o‘zaro aloqa qilish tartibiga oid ayrim masalalar tushuntirildi.

Muloqot asnosida xorijiy davlat hibsxonasida saqlanayotgan yurtdoshlarimizning protsessual kafolatlarga rioya etish, fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tartibi to‘g‘risida zarur axborot olishini ta’minlash holatlari o‘rganildi. Ularning konsullik yordamidan foydalanish imkoniyatini yaratish, shuningdek, yaqinlari bilan aloqa qilib turishi kabi masalalarga alohida e’tibor qaratildi.

Mamlakatmiz delegatsiyasining mazkur tergov hibsxonasida bo‘lishi va O‘zbekiston fuqarolari bilan uchrashishi MDH Inson huquqlari bo‘yicha komissiyasi faoliyati doirasida davlatlararo hamkorlikni mustahkamlashga, Belarus hududida bo‘lib turgan fuqarolarimizni huquqiy qo‘llab-quvvatlash va ularning huquqlarini himoya qilishga qaratilgan muhim amaliy tadbir bo‘ldi.

O‘sha uchrashuvda Minskdagi 1-son tergov hibsxonasida saqlanayotgan  vatandoshimiz tez kunda tug‘ilajak farzandini O‘zbekistonga qaytarish va uni yaqin qarindoshlari qaramog‘iga topshirish bo‘yicha amaliy yordam ko‘rsatishni so‘rab murojaat qilgandi.

Shundan so‘ng, ushbu murojaat bo‘yicha elchixona tomonidan tegishli chora-tadbirlar amalga oshirildi. Vakolatli davlat idoralari bilan hamkorlikda zarur hujjatlar rasmiylashtirildi. Diplomatlarning sa’y-harakatlari natijasida qisqa vaqt ichida yaqinda tug‘ilgan chaqaloq yurtimizga qaytarildi. Ayni paytda bola yaqin qarindoshlari qaramog‘iga topshirilgan.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech