Jizzaxda inson huquqlari bo‘yicha seminar-trening o‘tkazildi

Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 3-martda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi jahon ta’lim dasturining beshinchi amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida mamlakatimiz hududlarida o‘quv mashg‘ulotlari tizimli tarzda davom ettirilmoqda. Ushbu tadbirlarning tashkilotchilari Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Ichki ishlar vazirligi, Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili hisoblanadi.

Xususan, 20-21-iyul kunlari Jizzax shahrida viloyat ichki ishlar organlari huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha mahalla fuqarolar yig‘inlari profilaktika inspektorlari uchun o‘tkazilgan seminar-treningni Jizzax viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i general-mayor G‘ayrat Qodirov ochib berdi. Mashg‘ulotlar “Inson huquqlari: xalqaro standartlar va milliy qonunchilik” mavzusiga  bag‘ishlandi.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori akademik Akmal Saidov tadbir ishtirokchilarni qutlar ekan, dastavval, ushbu o‘quv seminari Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2026-yil 29-iyunda o‘tkazilgan profilaktika inspektorlari faoliyati va jamoat xavfsizligini ta’minlash tizimini takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan majlisda ko‘tarilgan masalalar targ‘iboti bilan uyg‘un tarzda olib borilayotganiga e’tiborni qaratdi.

Davlatimiz rahbari tashabbusi asosida profilaktika inspektorlarining huquqiy maqomi, vakolatlari va ijtimoiy himoyasini mustahkamlash maqsadida “Ichki ishlar organlari profilaktika inspektorining maqomi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ustida ish olib borilayotgani qayd etildi. Davlatimiz rahbarining profilaktika inspektorlariga xos bo‘lmagan ortiqcha vazifalardan ularni xalos etish, aholiga xizmat ko‘rsatish tizimi asosida ishlash samaradorligini baholash, shuningdek, kadrlar tayyorlash jarayonida zamonaviy fanlar — xavf-xatar tahlili, raqamli texnologiyalar, profayling va oilaviy mediatsiya kabi yo‘nalishlarni joriy etish zarurligi haqidagi ko‘rsatmalari yuzasidan atroflicha tushuntirish berildi.

O‘z navbatida, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi yetakchi mutaxassisi professor Ilhom Turg‘unov O‘zbekiston Prezidentining 2026-yil 24-iyundagi “Mahalla boshqaruvini samarali tashkil etishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan masalalarning mohiyati va ahamiyati xususida atroflicha to‘xtaldi.

Shuningdek, “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilingan joriy yilda mahalla institutining yanada mustaqil va xalqchil tuzilmaga aylanishi, “mahalla yettiligi” faoliyatini samarali tashkil etish, shuningdek, hududlarni kambag‘allik, ishsizlik, jinoyatchilik va oilaviy ajrimdan xoli hududga aylantirish borasidagi ustuvor vazifalar ko‘rib chiqildi. Ayni jarayonda mahalla — tuman (shahar) — viloyat — respublika tizimini takomillashtirish orqali aholi muammolarini o‘z vaqtida aniqlash va hal etish mexanizmlarining g‘oyat muhimligi ta’kidlandi.

Mashg‘ulotlarda asosiy e’tibor profilaktika inspektorlarida jinoyat va huquqbuzarliklarni ochish, tergov qilish hamda ularning oldini olish borasidagi kasbiy faoliyatida, shuningdek, boshqa xizmatlar, davlat organlari va jamoat birlashmalari bilan hamkorlik jarayonida zarur bo‘ladigan inson huquqlariga doir xalqaro standartlar bo‘yicha bilimlarni shakllantirishga qaratildi. Shu bilan birga, ichki ishlar organlari xodimlarida inson huquqlariga rioya etish va ularni hurmat qilish ko‘nikmalarini hosil qilish masalasi alohida e’tibor markazida bo‘ldi.

Seminar mavzusining turli qirralarini teran yoritishga qaratilgan bir qator ma’ruzalar tinglandi. Ma’ruzalarni xalqaro va milliy huquq sohasida yuqori tajribaga ega soha namoyandalari, olimlar va ekspertlar guruhi taqdim etdi.

Trening tinglovchilariga mavzuga oid metodik qo‘llanmalar tarqatildi.

Tadbir yakunida faol ishtirokchilarga tashakkurnomalar topshirildi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

 matbuot xizmati

Powered by GSpeech