Sayt xaritasi 00:00:00
Maslahat telefoni+998 71 239 13 58
Bizning manzilIslom Karimov ko'chasi 15 uy
Yangiliklar

Milliy markaz vakili “Do‘stlik” festivalining tantanali ochilishida ishtirok etdi

23-iyun kuni “Do‘stlik” festivali tadbirlari poytaxtimizning “Yangi O‘zbekiston” bog‘idagi Mustaqillik monumenti poyiga tantanali gulchambar qo‘yish marosimi bilan boshlandi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi rahbariyati va xodimlari, milliy madaniy markazlar, do‘stlik jamiyatlari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari hamda keng jamoatchilik namoyandalari ishtirok etdi.

BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 30-iyul – Xalqaro do‘stlik kuni sifatida e’tirof etilgani munosabati bilan mamlakatimizda 31-iyulga qadar “Do‘stlik” festivali o‘tkazilmoqda. Festivalning tantanali ochilishida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi o‘rinbosari Mirzatilla Tillaboyev ham qatnashdi.

Bugungi kunda yurtimizda turli millat va elat vakillarining tinch-totuv, o‘zaro hurmat va ishonch muhitida yashab kelayotgani Yangi O‘zbekiston siyosatining muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. “Do‘stlik” festivali ana shu ezgu qadriyatlarni mustahkamlash, millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik madaniyatini keng targ‘ib etishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Festival doirasida ilmiy-amaliy konferensiyalar, ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar, yoshlar forumi, madaniy tadbirlar, konsert dasturlari va ko‘rgazmalar tashkil etiladi. Bu keng ko‘lamli madaniy-ma’rifiy tadbirlar va do‘stlik anjumanlari jamiyatda birdamlik ruhini yanada kuchaytirish, yosh avlod qalbida Vatanga muhabbat, insonparvarlik va millatlar o‘rtasidagi hamjihatlik tuyg‘ularini mustahkamlashga qaratilgan.

Bunday tashabbuslar yangi O‘zbekistonda tinchlik, hamjihatlik va o‘zaro hurmat eng yuksak qadriyat ekanini yana bir bor baralla namoyon etadi. Festival mamlakatimizda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni yanada mustahkamlash, xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini kengaytirish hamda “O‘zbekiston – umumiy uyimiz” g‘oyasini targ‘ib etishga xizmat qiladi.

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Nashr sanasi 23.07.2026 Ko'rishlar 44
Ulashish