Sayt xaritasi 00:00:00
Maslahat telefoni+998 71 239 13 58
Bizning manzilIslom Karimov ko'chasi 15 uy
Yangiliklar

Toshkentda inson huquqlari bo‘yicha seminar-trening tashkil etildi

28-iyul kuni Toshkent shahridagi ichki ishlar organlarining mahalla fuqarolar yig‘ini profilaktika inspektorlari uchun «Inson huquqlari: xalqaro standartlar va milliy qonunchilik» mavzusidagi ikki kunlik seminar-trening o‘z ishini davom ettirdi. Mashg‘ulotlar Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, hamda Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha mintaqaviy vakili hamkorligida o‘tkazildi.

Seminarda inson huquqlari, xalqaro va milliy huquq sohalarida katta amaliy tajribaga ega mutaxassislar, olimlar va ekspertlar, inson huquqlarini ta’minlashning dolzarb masalalari yuzasidan ma’ruzalari bilan qatnashdi. Tadbirning ikkinchi kuni, jumladan:

  • Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bo‘lim boshlig‘i, dotsent Kamila Olimova «Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro standartlar va mexanizmlar»;

  • Toshkent davlat yuridik universiteti Davlat va huquq nazariyasi kafedrasi professori Feruza Muxitdinova «Gender tenglik. Xotin-qizlar huquqlari sohasidagi xalqaro standartlar va ularning milliy darajadagi implementatsiyasi»;

  • Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi Davlat-huquqiy fanlar va inson huquqlarini ta’minlash kafedrasi boshlig‘i, polkovnik Dilorom Xudayberganova «Bola huquqlari bo‘yicha xalqaro va milliy standartlar» hamda «Nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari va sohadagi xalqaro standartlar»;

  • Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi Davlat-huquqiy fanlar va inson huquqlarini ta’minlash kafedrasi dotsenti, podpolkovnik Umid Fozilov «Qiynoqqa qarshi konvensiya va uning ichki ishlar organlari faoliyatidagi ahamiyati» mavzusida taqdimot qildilar.

Tadbir yakunida huquqbuzarliklar profilaktikasi, jamoat tartibini saqlash va fuqarolar bilan ishlash sohasida yuqori natijalarga erishgan bir guruh profilaktika inspektorlari Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining Faxriy yorliqlari bilan taqdirlandilar.

Milliy markaz tashabbusi bilan o‘tkazilgan ayni mashg‘ulotlar profilaktika inspektorlarining huquqiy savodxonligi va kasbiy mahoratini yanada yuksaltirish, aholi bilan o‘zaro ishonchli muloqotni mustahkamlash, fuqarolar murojaatlariga tezkor va sifatli munosabat bildirish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat qiladi.

Bu, o‘z navbatida, mamlakatimizda inson huquqlarini ta’minlash hamda huquqiy davlat va kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etishga qaratilgan islohotlarning hududlarda samarali amalga oshirilishiga munosib hissa qo‘shadi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Nashr sanasi 28.07.2026 Ko'rishlar 86
Ulashish